Pokiston Afg'onistonda tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatidan umidvor

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning Paktika viloyati, Pokiston bilan chegara.

Afg'onistonning Paktika viloyati, Pokiston bilan chegara.

Pokistonning ishontirishicha, Afg'onistonda tinchlikka erishish yuzasidan muzokaralar hanuz davom etayapti va Tolibon rahbari Mulla Umarning o'limi haqidagi xabar jarayonni to'xtatmagan.

Pokiston Mudofaa vaziri Xo'ja Osif o'z bayonotida Mulla Umarning Pokistonda jon bergani haqidagi xabarlarni ham rad etgan. "Pokistonda o'lgan emas, dafn qilingan ham emas. Yaqinda jon berganmi, oldinroqmi, bunga aralashishni xohlamaymiz", - dedi Osif.

Afg'oniston rasmiylari o'tgan hafta Umar 2013-yilning aprelida Karachidagi kasalxonada o'lganini aniqladik, deb chiqqan edi.

O'sha kunning ertasi Pokiston Afg'oniston va Tolibon o'rtasida muzokaralarning ikkinchi bosqichiga mezbon bo'lishi kerak edi. Lekin Mulla Umar haqidagi xabar toliblarni muzokarani tark etishga majbur qilib, tinchlik jarayoni kelajagini mavhum qoldirgan edi.

Tolibon orasida rahbarlik uchun kurash esa muzokaralarga yanada ziyon qiladi deya taxmin qilindi.

Toliblar Umarning o'rniga uning muovini Axtar Mansurni tanladi. Lekin jangarilar safida Mansurga qarshilar bor va ular o'z nomzodlarini olg'a surayapti.

Pokiston mudofaa vazirining aytishicha, bu bahslar toliblarning ishi va uning davlati aralashishni istamaydi. Uning ishontirib aytishicha, Afg'onistonda tinchlikka erishish yuzasidan muloqot kechiktirilgan, xolos. Islomobod uchrashuvlarni davom ettirishga urinayapti.

Islomobod Kobul va Tolibon o'rtasida 7-iyul kungi muloqotga mezbonlik va vositachilik qilgan edi. Unda Amerika va Xitoy tomoni ham kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Keng tarqalgan taxmin shuki, toliblarning yetakchilari Pokistonda yashirinib olib, bu mamlakat razvedka xizmatidan ko'rsatma oladi.

Mudofaa vaziri Osif buni rad etib, toliblarni boshqarmaymiz, aksincha, ularni muzokara stoliga qaytishga ko'ndirish bilan bandmiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG