Afg'oniston va Pokiston razvedkalari terrorga qarshi kurashda hamkorlikka kelishdi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston va Pokiston milliy xavfsizlik boshqarmalari terrorga qarshi kurashda hamkorlik qilishga kelishib oldi. Hujjatga ko'ra, ikki davlat razvedkasi umumiy chegaraning har ikki tomonida faoliyat olib borishi mumkin bo'ladi. Kuzatuvchilar shu paytgacha bu qadar yaqin hamkorlik bo'lmaganiga ishora qilmoqda.

Hozircha anglashma memorandumi imzolangan. Unda tomonlarning hamkorlik qilish istagi bitilgan. Pokiston Xizmatlararo razvedka boshqarmasi Afg'oniston Milliy xavfsizlik agentligini maxsus tayyorgarlikdan o'tkazib, jihozlaydi, terror tahdidlarining oldini olish uchun ma'lumot almashinuvi yo'lga qo'yiladi. Ikkala boshqarma terrorchilikda gumon qilingan mahbuslarni birgalikda so'roq qilishga ham kelishib oldi. Ularning aytishicha, hamkorlik oraga sovuqlik tushirayotgan mahalliy va tashqi kuchlarni fosh etishga yordam beradi.

Pokiston razvedkasining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Afg'oniston va Pokistonda harakatlanayotgan terrorchilarning iziga tushish endi osonlashadi.

Kelishuv xavfsizlik bobidagi ikki tomonlama sheriklikning kuchayayotganidan dalolatdir. Afg'oniston Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Davlat Vaziriy Pokiston yordamida Afg'onistonda tinchlik va barqarorlik qaror topishiga umid qilmoqda.

"Pokiston tinchlik sari qancha ko'p harakat qilsa, afg'on xalqi shuncha baxtiyor bo'ladi. Pokistonning harbiy va noharbiy rahbariyati har tomondan yordam va'da qilgan", - deydi Vaziriy.

Afg'on qonunchilari hukumatdan Pokiston bilan kelishuv bo'yicha tushuntirish talab qilmoqda. Parlamentning quyi palatasida o'tgan munozaralarda noiblar hujjatdan foyda yo'q deya, Milliy xavfsizlik kengashi va Milliy xavfsizlik boshqarmasi rahbarlarini parlamentda tushuntirish berishga chaqirdi.

Afg'oniston prezidentining matbuot kotibi Ajmal Obidiy Pokiston bilan imzolangan hujjatni himoya qilarkan, ikki mamlakat razvedka xizmatlari o'tmishda ham bu kabi shartnomalar imzolaganini aytdi. Biroq, deydi Obidiy, yangi kelishuvga ko'ra, tomonlar mintaqada faol terror guruhlariga qarshi birgalikda kurashadi.

Afg'oniston rasmiylari o'tmishda Pokiston razvedkasini Tolibon bilan xufyona hamkorlikda, guruh rahbarlariga Pokistonda boshpana berganlikda, Afg'onistondagi mahalliy va xorijiy kuchlarga qarshi xurujlarni rejalashda yordam berganlikda ayblab kelgan.

Ismini oshkor etishni istamagan pokistonlik rasmiylardan biri "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bunday shubha va ayblovlarning asossiz ekanini, zo'ravonliklardan Islomobodga foyda yo'qligini, aksincha, so'nggi paytlarda Kobul bilan xavfsizlik bobida, Afg'onistonda tinchlikni o'rnatish va jangarilar bilan kelishish bobida hamkorlik qilinayotganini aytdi.

Unga ko'ra, ikki tomonlama munosabatlar yaxshilanmoqda, hamkorlik ochiq olib borilmoqda, axborot almashinuvi oshgan.

Afg'onistonda Ashraf G'ani hokimiyatga kelganidan beri rasmiy doiralarda Pokistonga nisbatan shubhalar va ayblovlar kamaygan. O'tgan hafta Kobulga tashrif buyurgan Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Tolibon Afg'onistonda amalga oshirayotgan zo'ravonliklarni terror xurujlari deya qoraladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG