Afg'oniston urushni tugatishda Pokiston bilan hamkorlikka tayyor

  • Amerika Ovozi

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar, Afg'oniston rahbari Hamid Karzay

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar, Afg'oniston rahbari Hamid Karzay

Afg’oniston Pokistondan hibsga olingan toliblarni ozod etishni so’ramoqda. Bu yo’l orqali ular bilan tinchlik muzokaralarini boshlab, urushni tezroq tugatish ilinjida.

2014-yil oxiriga borib xalqaro qo’shinlarning Afg’onistonni tark etishi kutilayotgan bir vaqtda Kobul ramsiylari tinchlik o’rnatish jarayoniga qo’shni Pokistonni ham jalb etishga urinmoqda.

Afg’on Tinchlik kengashi delegatlari shu maqsadda yaqinda Islomobodga bordi. Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul boshchiligida o’tgan muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlangani aytilmoqda. Uchrashuvlar nihoyasida Pokiston qamoqlarida saqlanayotgan bir necha Tolibon yetakchisi ozod etilgan.

Afg’oniston rasmiysi muzokaralar yana davom etishini ta’kidladi:

“Harakatlarimizni davom ettiramiz. Tinchlik o’rnatish jarayonini tezlashtirmasak bo’lmaydi. Jarayonda ishtirok etadigan barcha taraflar ozod etilishi kerak. Buning natijasida Afg’oniston hukumati va Tolibon davomli va barqaror muzokaralar olib bora oladi. Biz afg’onistonlik toliblarning vataniga qaytishi va tinchlik jarayoniga qo’shilishini istaymiz. Ular millatimiz kelajagi va taraqqiyoti yo’lida xizmat qilsin”, - deydi Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul.

Pokiston ayrim jangari guruhlarni qo’llab-quvvatlayotgani haqida ma’lumotlar bor. Tolibon harakatining ayrim yetakchilari ham Pokiston hududidan boshpana topgani aytiladi.

Islomobod terrorizmga qarshi urushda minglab fuqarolari halok bo’lganini aytib, qo’shni Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishidan biz ham manfaatdormiz, deydi.

“Terrorizm tahdidiga nihoyatda jiddiy yondashamiz. Bolalarimiz har kuni shu urushda nobud bo’lyapti. Biz terrorizm nimaligini yaxshi bilamiz. Biz uning tahdidiga qarshi hammani birgalikda kurashishga taklif etamiz”, - deydi Pokiston Tashqi ishlar vaziri Hina Rabboniy Xar.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, Pokiston va Afg’onistonning bir necha musulmon ulamosi kelasi yilning yanvar oyida Kobulda yig’ilib, tinchlik jarayoniga bag’ishlangan yana bir anjuman o’tkazadi. Ulamolar konferensiyasiga boshqa musulmon davlatlari olimlari ham taklif etiladi.

Pokiston Tashqi ishlar kotibi Jalil Abbos Jiloniyning aytishicha, ushbu anjumandan maqsad har ikki davlatda jangari harakatlarga qarshi dindorlar qo’llab-quvvatlovini oshirishdir.

“Ulamolar konferensiyasini o’tkazishdan maqsad Afg’oniston, Pokiston va boshqa musulmon davlatlarning diniy olimlarini yig’ib, ekstremizm, xudkushlik kabi islom ummati yuz tutayotgan muhim muammolar yuzasidan fikr almashish. Olimlar xudkushlik hujumlariga qarshi qo’shma qaror qabul qilishlari kerak”, - deydi Pokiston rasmiysi.

Afg’on rasmiylariga ko’ra, Tolibon va boshqa jangari guruhlar mamlakatlarini tashqi kuchlar egallab turgani uchungina kurash olib borayotganini aytadi. Xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etgach, ulamolar yordami bilan jangarilar zo’ravonlikni tark etsa ajab emas, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG