Afg'oniston va Pokiston bir-birini tinchlik jarayoniga g'ov demoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay (o'ngda) Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariyni Kobulda qabul qilmoqda, 18-noyabr, 2009-yil

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay (o'ngda) Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariyni Kobulda qabul qilmoqda, 18-noyabr, 2009-yil

Ikki qo’shni davlat Afg’oniston va Pokiston munosabatlari yana sovuq pallaga kirmoqda. Karzay hukumati Tolibon bilan muzokara ehtimoli haqida og’iz ocharkan, tomonlar bir-birini tinchlik jarayoniga g’ov bo’layotganlikda ayblamoqda.

Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Janon Musazoyning aytishicha, qo’shni mamlakat Tolibon bilan muzokara qilishdagi vositachilik yordami evaziga bajarib bo’lmas shartlar qo’ymoqda.

"Pokiston bizdan Hindiston bilan munosabatlarni cheklashni, armiyamiz ofitserlarini Pokistonga malaka oshirishga yuborishni, o’zlari tayyorlagan strategik hamkorlik haqidagi bitimni darhol imzolashimizni so’ramoqda", - deydi Musazoy.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi shart qo’yilgani haqidagi bu da’volarni inkor etmoqda. Vazirlik matbuot kotibi Ayzaz Ahmad Choudxurining aytishicha, strategik hamkorlik haqidagi bitim Afg’oniston prezidenti Hamid Karzaydan chiqqan.

Afg’on ofitserlarini tayyorlashga kelsak, shunchaki qo’shni davlatga yaxshilik qilay dedik, deydi Choudxuri. Kobulning hech bir davlat bilan yaqin aloqa qilishiga qarshiligimiz yo’q, ammo shuni tan olish kerakki, Afg’onistonda Pokistondagi vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo’lgan kuchlar bor va ularga qarshi kurashish lozim, deydi vazirlik vakili.

Pokistonning eng jiddiy raqiblaridan hisoblangan Hindiston Afg’onistonga katta miqdorda yordam berib turadi. Islomobod nazarida toliblar va hind razvedkasi agentlari Afg’onistondan Pokistonga kirishda baza sifatida foydalanadi.

AQSh sobiq elchisi Karl Inderfurtning aytishicha, Pokiston va Hindiston hamkorligi mintaqaviy barqarorlik uchun juda muhim.

"Gap Pokiston va Hindistonning Afg’onistondagi manfaatlari borasida til topishishida emas. Ular bir-biriga, har bir qo’yayotgan qadamiga, rejalariga doim shubha bilan qaraydi. Tomonlar muloqot qilib, qarama-qarshiliklarini bartaraf etishi lozim. Aks holda Afg’oniston hali-beri tinch, barqaror bo’lmaydi", - deydi sobiq diplomat.

Afg’oniston nazarida Pokiston bu davlatda tinchlik bo’lishidan manfaatdor emas, biroq Pokiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, tinchlikka eng katta g’ov – bu Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay.

Pokiston razvedkasining jangarilar bilan aloqasi yaqin ekani aytilar ekan, Islomobodning tinchlik jarayoniga aralashuvidan foyda bo’lishi aniq, deydi kuzatuvchilar.

Pokistonlik iste’fodagi general Talat Masudning aytishicha, tortishuvlardan foyda yo’q.

"Hozir bir-birimizni ayblash mavridi emas. Hamkorlik qilish kerak. Aks holda jangarilar va Tolibonning ishini osonlashtirib, kuchayishiga yordam bergan bo’lamiz", - deydi general.

Karzay o’tgan hafta oxirida Qatarda bo’lib, Tolibon idorasini ochish xususida gaplashdi. Idora ochilsa, Afg’oniston hukumati va jangarilar o’rtasida muzokara o’sha yerda kechishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG