Breaking News

Pokiston NATO tranzit yo'lining yopilganidan tashvishda emas


Pokiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Sartoj Aziz (o'ngda) AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus elchisi Jeyms Dobbins bilan uchrashmoqda, Islomobod, 14-oktabr, 2013-yil
Pokiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Sartoj Aziz (o'ngda) AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus elchisi Jeyms Dobbins bilan uchrashmoqda, Islomobod, 14-oktabr, 2013-yil
Pokiston milliy xavfsizlik maslahatchisi Sartoj Azizning aytishicha, AQShning pilotsiz samolyotlari hujumlariga nisbatan mamlakat shimoli-g’arbida kuzatilgan namoyishlarga jiddiy e’tibor bermaslik lozim.

Ushbu chiqishlar oqibatida NATO ning Afg’onistondagi qo’shinlari uchun yuk tashishda xizmat qilayotgan yo’llar yopilgan edi.

Xaybar Paxtunxva viloyatidagi namoyishlar sobiq kriket yulduzi Imron Xon yetakchiligidagi siyosiy partiya tomonidan uyushtirilgan. Faollar AQShdan Pokiston hududida havo hujumlarini bas qilishni talab qilgan.

Namoyishchilar, shuningdek, afg’on chegarasiga yetaklovchi katta yo’lga chiqib, NATO ga yuk tashib ketayotgan mashinalarni o’tkazmaslikka ahd qildi. Bundan tashvishlangan Qo’shma Shtatlar bu yo’nalish bo’yicha Pokiston orqali hozircha yuk jo’natmaslikka qaror qildi.

Imron Xonning Tahriki Insof partiyasi namoyishlar taktik muvaffaqiyat keltirganini aytib, hukumatni ham AQShdan hujumlarni bas qilishni so’rashga chaqirdi.
Qo’shma Shtatlar hududda yashirinib, qo’shni Afg’onistonda AQSh va NATO amaliyotlariga zarar yetkazayotgan jangarilarni piyoda askarlar uchun o’tish qiyin bo’lgan tog’li mintaqada havodan nishonga olishini aytib keladi.

Pokiston rasman bunday amaliyotlarga qarshi ekanini aytib kelsa-da, kuzatuvchilarga ko’ra, bu ish Pokiston razvedkasi roziligi bilan amalga oshirilmoqda.

Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga yuk ikki yo’l orqali yetkaziladi. Biri Xaybar Paxtunxva viloyati, ikkinichisi esa janubi-g’arbdagi Balujiston viloyati orqali.

Xalqaro koalitsiya kuchlari 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, ularning katta qismi va harbiy uskuna aynan shu ikki yo’nalish orqali chiqarilishi rejalangan.

Pokiston milliy xavfsizlik va tashqi aloqalar bo’yicha maslahatchisi Sartoj Azizning aytishicha, shimoli-g’arbiy viloyatdagi namoyishlar bu rejaga to’siq bo’la olmaydi.

"Amerika Xaybar Paxtunxva orqali yuk jo’natmay qo’ygan, ammo Balujiston orqali ish grafigi o’zgarmagan", - deydi rasmiy.

Sartoj Aziz shu hafta Islomobodda AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus elchisi Jeyms Dobbins bilan uchrashdi.

Ma’lum bo’lishicha, Aziz bu uchrashuvda Vashingtonni pilotsiz samolyotlar hujumiga doir siyosatini qayta ko’rib chiqishga yana bir bor chaqirgan. Aks holda, dedi u, Islomobodning Pokiston va mintaqada tinchlik o’rnatishga qaratilgan harakatlari pand yeydi.

Bosh vazir Navoz Sharif hukumati ham AQSh havo hujumlarini tanqid qilib keladi, ammo yo’l to’sishni buyurmagan va, aksincha, bunday harakat Pokistonning xalqaro sahnada yakkalanishiga olib keladi, degan.

Sartoj Aziz qo’shni davlatda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan xalqaro kampaniya ijobiy natija beradi va Pokiston unga o’z hissasini qo’sha oladi, deya umid bildirmoqda.

"Nima bo’lishi hali ham mavhum. Dunyoda, mintaqada, Afg’onistonning o’zida hamma tinchlik va barqarorlik bo’lishini talab qilmoqda. Shunday kunni ko’ramiz degan umiddaman", - deydi Pokiston rasmiysi.

Uning aytishicha, Islomobod Afg’onistonning Oliy tinchlik kengashi a’zolariga o’tgan oy Tolibon harakati rahbarining sobiq o’rinbosari Mulla Abdul G’ani Birodar bilan uchrashuvni uyushtirishda yordam berdi.

Mulla Birodar bir necha yil oldin Pokistonda qo’lga olingan edi. Tinchlik kengashi uning yordamida toliblar bilan muzokara qilib, ko’p yillik ichki nizoga barham berish yo’llarini izlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG