Breaking News

Pokiston rasmiysi Kobulni Tolibon bilan yarashishga chaqirdi


Pokiston bosh vazirining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz
Pokiston bosh vazirining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz
Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Sartaj Azizning aytishicha, Afg’oniston hukumati murosaga tayyor bo’lsa, Tolibon bilan til topishishi mumkin. Matbuotdagi xabarlarga qaraganda, Kobul o’tgan yildan beri jangarilar bilan muzokara qilmoqda.

AQSh harbiylariga ko’ra, Tolibon rahbariyati Pokistondan turib bu mamlakat razvedkasi yordamida qo’shni Afg’onistonda hukumat va xorijiy kuchlarga qarshi kurashni boshqarib keladi. Islomobod 1990-yillarda Tolibonga Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga kiritishda yordam bergan bo’lsa-da, ayni damda ularga ko’maklashayotganini inkor etadi.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay qo’shni mamlakatdan Tolibonga ta’sirini o’tkazishni va jangarilarni muzokarada qatnashishga undashni so’rab keladi, biroq Tolibon xorijiy qo’shinlar avval Afg’onistonni tark etsin, deya shart qo’ymoqda.

Ba’zilar xavotiriga ko’ra, xalqaro qo’shinlar 2014-yil oxiriga borib mamlakatni butunlay tark etgandan so’ng afg’on xavfsizlik kuchlari Tolibonga bas kelolmasligi, hokimiyat jangarilar qo’liga o’tishi mumkin.

Pokiston bosh vazirining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Sartaj Azizning aytishicha, Kobul Tolibon bilan yarashib olishi lozim.

"Tolibon Afg’onistonning ayrim rayonlarida hozirdan hukmron, ammo Pokiston hisobiga ko’ra, xalqaro qo’shinlar ketgandan keyin harakat mamlakat bo’ylab nazoratini o’rnata olmaydi", - deydi Aziz.

Pokiston rasmiysining ta’kidlashicha, Tolibonga qarshi 350 ming sonli yaxshi tayyorlangan afg’on politsiyasi, armiyasi hamda shimoliy alyans kuchlari bor.

"Ixtilofni siyosiy yo’l bilan tugatishga Tolibonning o’zi ham intiladi", - deydi Sartaj Aziz.

Pokiston bosh vaziri maslahatchisi Afg’oniston hukumatini murosaga tayyor bo’lishga, Tolibonni tinchlik jarayoniga jalb qilish uchun ularning ham manfaatlariga javob beruvchi taklifni o’rtaga tashlashga chaqiradi.

Pokiston hukumati ham o'z hududidagi jangarilar bilan muzokara boshlagan. Tahriki Tolibon nomi bilan tanilgan bu harakat Afg’onistondagi guruhdan farq qiladi, mustaqil ravishda faoliyat yuritadi. Tahriki Tolibon Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarida o’rnashib, harbiy qismlarga hujum qilib turadi.

Sartaj Azizning aytishicha, jangarilar mamlakat xavfsizligiga rahna solmoqda. Agar muzokaralar natija bermasa, toliblarga qarshi harbiy harakatlarni davom ettiramiz, deydi u.

"Pokistondagi Tolibon bilan ish qilish oson emas. O’tmishda bir necha bor tinchlik bitimi imzolangan, ammo uni buzib kelishgan. Avval kuch-qudratni ko’rsatib, keyin ular bilan gaplashish kerak. So’nggi yetti oydan beri aksilterror strategiyani kuchaytirib kelyapmiz", - deydi Aziz.

O’tgan hafta Shimoliy Vaziristonda jangarilar bilan muzokara o’tgan. Tolibon delegatsiyasi a’zosi Mavlono Yusuf Shohning aytishicha, rahbariyatning jarayondan ko’ngli to’lgan.

"Tolibon oqsoqollar kengashi hukumatning masalani tinch yo’l bilan hal etish taklifiga ijobiy qaramoqda", - deydi u.

Biroq ayrim kuzatuvchilar bu galgi muloqot ham natija berishiga ishonmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG