Pokiston generali: Afg'onistonning dushmani bizning ham dushmanimiz

  • Amerika Ovozi

Pokiston armiyasi generali Rahil Sharif (chapda) Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla bilan, Kobul,17-fevral, 2015-yil.

Pokiston armiyasi generali Rahil Sharif (chapda) Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla bilan, Kobul,17-fevral, 2015-yil.

Pokiston armiyasi rahbarining aytishicha, Islomobod va Kobul terrorizmga qarshi kurash bo'yicha axborot almashishda ilgari misli ko'rilmagan darajada hamkorlik qilmoqda.

17-fevral kuni Kobulga tashrifi chog'ida geneal Rahil Sharif Afg'oniston dushmanlari Pokistonning ham dushmanlari ekanini ta'kidlagan.

Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdullaning aytishicha, tomonlar o'zaro aloqalarni yaxshilash bo'yicha aniq qadamlar tashlagan. Sobiq Prezident Hamid Karzay davrida Kobul va Islomobod aloqalari ancha taranglashgan edi. Karzay Pokistonni Afg'onistondagi terror guruhlarini qo'llab-quvvatlaganlikda ayblab kelgan.

Afg'on rasmiylari Pokistonning Shimoliy Vaziristonda amalga oshirgan harbiy amaliyotlari oqibatida Afg'onistondagi hujumlarni amalga oshirish uchun foydalanilgan terror infratuzilmalari yakson qilinganini aytmoqda. Ammo Tolibon va Haqqoniy tarmog'i kabi guruhlar bu hujumlardan jiddiy shikast ko'rmagan, deydi ular.

Rasmiy Islomobod Pokistonni va uning qo'shnilarini nishonga oluvchi har qanday jangari guruhga qarshi kurashishini ma'lum qilmoqda.

Ashraf G'ani prezident bo'lganidan beri ikki davlat o'rtasida xavfsizlik bo'yicha hamkorlik kuchaygan.

Afg'oniston Tolibon bilan tinchlik sulhini tuzishda Pokiston yordamidan umid qilmoqda. Islomobod Afg'oniston ixtiyoridagi va yetakchiligidagi tinchlik muzokaralarini qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

Pokiston o'z navbatida Afg'onistondan "Tahriqi Tolibon Pokiston" guruhi rahbari Mulla Fazlullohni qo'lga tushirishda yordam so'ramoqda. Fazlulloh Afg'onistonning Kunar viloyatida yashirinib yurgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG