Breaking News

Pokiston generali Kobulda muzokara o'tkazdi


Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif (chapda) Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan, Kobul, 27-dekabr, 2015-yil.
Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif (chapda) Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan, Kobul, 27-dekabr, 2015-yil.

Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif Afg'oniston harbiy va siyosiy yetakchilari bilan muloqot o'tkazish uchun Kobulga keldi. Rasmiylarning aytishicha, xavfsizlikni kuchaytirish, chegaralarni mustahkamlash hamda Afg'onistonda tinchlik muloqotini boshlash masalalariga e'tibor qaratildi.

Afg'onistonda tinchlik muzokaralari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:44 0:00

Shu oy boshida Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Islomobodga kelib, bir necha oylardan beri ikki mamlakat o'rtasida davom etayotgan sovuqlikni tugatish bo'yicha muhim qadamni tashlagan edi. Kobul nazarida Pokiston armiyasi uzoq yillar Tolibon bilan maxfiy muloqotda bo'lgan.

Islomobodda Prezident G'ani, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif hamda Xitoy va AQSh diplomatlari birga yig'in o'tkazib, Tolibon bilan muzokaralarni qayta boshlashni muhokama qilgan.

General Sharifning Kobulga tashrifi shu muloqotning davomi sifatida ko'rilmoqda. U Prezident G'ani hamda Bosh ijrochi Abdulloh Abdulloh bilan ko'rishgan.

Pokiston armiyasi so'zlovchisi Asim Bajvaning aytishicha, general Rahil bir kunlik safari davomida aloqalarning yanada yaxshilanishi yo'lida muzokaralar olib bordi.

"Har ikki tomon tinchlikni istagan Tolibon bilan kelishuvga erishish yo'lida birga ishlashga kelishib oldi. Zo'ravonlikni davom ettirishni istaydiganlarga o'zaro ishlab chiqilgan reja asosida munosib javob beriladi", - deydi u.

Yakshanba kuni Kobulda o'tgan uchrashuvda Afg'oniston, Pokiston, AQSh va Xitoy rasmiylaridan iborat tinchlik muloqoti qo'mitasining ilk uchrashuvini kelasi oy o'tkazishga qaror qilindi. Ammo yig'inning qayerda va qachon o'tishi haqida ma'lumot yo'q.

General Sharif, shuningdek, NATO missiyasining AQSh qo'mondoni bilan uchrashib, chegara hududlarda amalga oshiriladigan amaliyotlarni yaxshiroq tashkillashtirish masalasida fikr almashgan.

So'nggi oylarda Tolibon amalga oshirayotgan xurujlar soni keskin oshgan. Shu bois tinchlik muloqotini tezroq boshlash haqida ko'proq xalqaro chaqiriqlar yangramoqda.

Guruh muloqotni qayta boshlash niyati bor yoki yo'qligi haqida hali rasman bayonot bergani yo'q.

U o'tgan hafta bayonot chiqarib, Hilmand viloyatidagi harbiy amaliyotlarda NATO kuchlarining ishtirok etganini qoraladi. Viloyatda bir necha tuman toliblar nazoratiga o'tgani xabar qilinadi.

Ushbu bayonotda qayd etilishicha, Kobul hukumatidagi tinchlikka qarshi ayrim kuchlar, Hilmandga Britaniya askarlarining kiritilgani hamda AQSh havo hujumlarining hanuz davom etayotgani tinchlik muloqotini qayta boshlash yo'lidagi to'siqlardir.

Islomobod ta'sir o'tkazish imkoniyatidan foydalanib, Tolibon va Kobul o'rtasida ilk rasmiy uchrashuvga vositachilik qilgan edi. Ammo guruh yetakchisi Mulla Muhammad Umarning bundan ikki yil avval qazo qilgani va buning ommadan sir saqlangani fosh bo'lgach, muloqot to'xtab qoldi.

Afg'oniston bu xabarning sir saqlanishida va Tolibonga yangi rahbar tayinlanishida Islomobodning qo'li bor, deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG