Breaking News

Tolibon hujumlari - afg'on tinchlik muzokaralaridagi asosiy to'siq


Pokiston bilan chegarada afg'on harbiylari
Pokiston bilan chegarada afg'on harbiylari

Afg'onistonda Tolibon bahorgi hujumlarni boshlash arafasida. Hukumat va jangarilar muzokara qilishiga ishonch tobora so'nib bormoqda. Kobul bunda qo'shni Pokistonni ayblaydi.

Afg'on hukumati va Tolibon o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muzokarani yo'lga qo'yish sa'y-harakatlari anchadan buyon davom etmoqda. AQSh va Xitoy jarayonga bosh-qosh, ammo to'rt tomonlama koordinatsion guruh urinishlari samara bermayapti: so'zlashuvlar boshlanganicha yo'q. Guruh a'zolari shu oy oxirida yana uchrashishi kutilmoqda.

Toliblar rasmiy Kobul bilan muzokaralar stoliga o'tirishdan bosh tortadi. Bahorgi janglar eng qonlisi bo'ladi degan taxminlar bor.

Afg'onistonning Pokistondagi elchisi Xazrat Umar Zahilval ikkala davlat ham aybdor, deydi.

Shu hafta Islomobodda Pokiston mulozimi Sartoj Aziz bilan uchrashgan elchi Tolibon qo'mondonlari Afg'onistonga hujumlar uyushtirishga Pokiston hududida tayyorlanayotgani va bunda ularga Pokiston xavfsizlik idoralari yordam berayotganini ta'kidladi.

"Takalluf qilib o'tirmay bor gapni aytay. Afg'oniston-Pokiston orasidagi salbiy aloqalar tinchlikka g'ov bo'layotgan asosiy muammodir. Bir-birimizga ishonmaymiz, shubha bilan qaraymiz", - deydi Zahilval.

Afg'on diplomati, shuningdek, Islomobod Tolibon jangarilariga qarshi yetarli chora ko'rmayotganiga ishora qildi.

"Armiyangizning chegara hududlaridagi, xususan Shimoliy Vaziriston, Janubiy Vaziriston va boshqa joylardagi operatsiyalarida jangarilar o'ldirilmayapti yoki hibsga olinmayapti. Ular shunchaki qo'shni davlat hududiga quvib chiqarilyapti. Balki bu atayin qilinmayotgandir. Biz bu haqda albatta gaplashib olishimiz kerak", - deydi afg'on elchisi.

Pokiston rasmiysi Sartoj Aziz esa to'rt davlatdan tarkib topgan guruh tinchlik muzokaralariga qo'shilishdan bosh tortayotgan guruhlar taqdirini birgalikda hal qilishga kelishib olgan, deydi.

"Pokiston jarayonda ijobiy rol o'ynashda davom etsa-da, biz na afg'on hukumati, na Tolibonga buyruq bera olamiz. Ular o'zi rozi bo'lishi kerak, faqat shu holda muzokara muvaffaqiyatli kechadi", - deydi Aziz.

Afg'onistonning azaliy da'vosi shuki, qo'shni mamlakat armiyasi va razvedkasi Tolibon bilan zimdan hamkorlik qiladi. Sartoj Aziz bu iddaolarni inkor etdi.

"Afg'onistonda Pokiston haqida salbiy targ'ibot olib borilayotgani afsuslanarli hol. Vaholanki, tinchlik va barqarorlik o'rnatilishi uchun imkon qadar hissa qo'shayapmiz", - deydi u.

Pokiston bosh vaziri maslahatchisi chegara nazoratini kuchaytirishimiz darkor, deya yana bir bor ta'kidladi, toki terrorchi va jinoyatchi elementlar chegara hududlarda erkin harakatlana olmasin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG