Pokiston: Tolibonga qarshi harbiy chora ko'rmaymiz

  • Amerika Ovozi

Pokiston Tashqi ishlar masalalari bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz

Pokiston Tashqi ishlar masalalari bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz

Pokiston rahbariyati Afg’onistonning Pokiston hududida panoh topgan Tolibon qo’mondonlariga qarshi chora ko’rishdan bosh tortmoqda.

Seshanba kuni Islomobodda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimi Aartoj Aziz ana shu haqda chiqish qildi.

Sal oldin qo'shni Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani toliblarga qarshi harbiy chora ko’rish, ularni hibsga olib, sud qilish va jazolash maqsadida Kobulga topshirish zaruratini ta'kidlagan edi. Sartoj Aziz bu talablarni rad etdi.

U, shuningdek, Tolibon Afg’onistonda bahorgi hujumlarini boshlagani oqibatida Kobul va Tolibon o’rtasida muzokaralar to’xtab qolganidan afsusda.

Ayni vaqtda u hujumchilar katta muvaffaqiyatga erisha olmayotgani va shu bois tez orada Afg’oniston rahbariyati bilan so’zlashuvlarga rozi bo’lishiga ishonch bildirdi.

Islomobod rasmiysi nazarida qurol bilan ko'p natijaga erishib bo'lmaydi. U 2001-yildan beri Amerika boshliq koalitsiya Afg'onistonda olib borayotgan harbiy kampaniyaga ishora qilmoqda.

Pokiston AQSh va Xitoy bilan birgalikda afg’on urushiga barham berish yo’llarini izlashda davom etadi, dedi Aziz.

U, shuningdek, o’tgan hafta Qatardagi qarorgohidan kelgan Tolibon vakillari Islomobod rasmiylari bilan uchrashib, Afg’oniston bilan tinchlik muzokaralarini muhokama qilganini ma’lum qildi.

Kobul Islomobodni toliblarning rasmiy delegatsiyasiga mezbonlik qilgani uchun tanqid qilib, “terror gutuhi”ga bunday himmat ko'rsatmaslik kerak, demoqda.

Kobulda 19-aprel kungi portlashlarda qariyb 70 odam halol bo’lgani va yana 350 odam jarohatlanganidan keyin rasmiy Kobul Pokiston bilan keskinroq so’zlasha boshladi.

Kobul Islomobodni toliblarga qarshi yetarli chora ko’rmayotganlikda ayblab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG