Xalqaro Amnistiya: Pokistonda jurnalistlar hayotiga tahdid keskin oshgan

  • Amerika Ovozi

Pokiston jurnalistlari teleboshlovchi Hamid Mirga uyushtirilgan hujumni qoralab namoyish o'tkazmoqda, Karachi, 20-aprel, 2014-yil.

Pokiston jurnalistlari teleboshlovchi Hamid Mirga uyushtirilgan hujumni qoralab namoyish o'tkazmoqda, Karachi, 20-aprel, 2014-yil.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Pokistonda jurnalistlarga qarshi zo’ravonlik holatlari keskin ko’payganidan tashvish bildirdi. Tashkilotga ko’ra, matbuot vakillari hukumat, siyosiy guruhlar hamda jangarilar tahdidiga uchramoqda. Bosh qarorgohi Londonda joylashgan “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining 30-aprel kuni e’lon qilingan hisobotida jurnalistlarni xavf-xatarlardan himoya qilishda yoki ularga tahdid qilgan aybdorlarni jazoga tortishda sustkashlik qilgani uchun Pokiston hukumati tanqid qilinadi.

Hisobot mualliflarining yozishicha, bundan olti yil avval Pokistonda demokratiya qayta tiklanganidan beri 34 jurnalist o’ldirilgan. Ushbu qotilliklarning faqat bittasida aybdorlar topilib jazoga tortilgan. Bundan tashqari, ko’plab jurnalistlar turli darajadagi tazyiq va tahdidlarga uchragani xavotir bilan tilga olinadi.

“Xalqaro Amnistiya”ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo’yicha direktori Deyvid Grifitning aytishicha, bahsli mavzudagi har qanday maqola yoki reportaj muallifini tahdid ostiga qo’yishi mumkin.

“Pokistonda jurnalistlar har ikki tomonning tazyiqiga uchraydi. Hisobotning ko’rsatishicha, jurnalistlarga qarshi sodir etilayotgan keng miqyosli jinoyatlar ham davlat, ham nodavlat ishtirokchilar tomonidan sodir etilmoqda. Demak, Pokistonda jurnalistlar tom ma’noda hujum ostida”, - deydi u.

“Xalqaro Amnistiya” suhbatlashgan bir necha jurnalist harbiy razvedka idorasiga aloqador shaxslar tomonidan tahdidga uchragani haqida aytgan. Ma’lumotlarga ko’ra, bir necha jurnalistning o’g’irlanishi, qiynoqqa solinishi hamda o’ldirilishida davlat razvedka agentligining qo’li bor. Ammo shu paytgacha bu idoraning biror rasmiysi jazoga tortilmagan.

Grifitga ko’ra, hukumat jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bo’yicha vaziyatni yaxshlashga va’da bergan, ammo hali bu borada biror jiddiy qadam tashlangani yo’q.

“Pokiston o’z harbiy va razvedka agentliklarini tekshiruvdan o’tkazib, jurnalistlarga qarshi inson huquqlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslarni jazoga tortishi juda muhim. Bu jurnalistlarga tahdid qilmoqchi bo’lgan boshqa shaxslar uchun jiddiy ogohlantirish bo’ladi. Ammo agar hech qanday chora ko’rilmasa, Pokiston ommaviy axborot vositalari sukut saqlash majburiyati ostida qolishi mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

Yaqinda yuz bergan zo’ravonliklardan birida “ Geo TV” telekanalining mashhur siyosiy boshlovchisi Hamid Mir nishonga olindi. Ishga ketayotgan paytida u o’qqa tutilib, jarohat olgan. Jurnalist hayotiga uyushtirilgan suiqasd ortida harbiy razvedka agentligi rahbari turganini da’vo qildi.

Tajribali inson huquqlari faoli, Pokiston inson huquqlari komissiyasi vakili I.A.Rahmon “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti ko’targan muammolarning jiddiyligini tasdiqlaydi.

“Pokistonda jurnalistlar hayoti xavf ostida ekanidan tashvishdamiz. Ular hukumatdan himoya olmayapti. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orasida ham tarqoqlik bor”, - deydi u.

“Xalqaro Amnistiya” hisobotida jurnalistlar nodavlat uyushmalar tomonidan ham nishonga olinayotgani alohida tilga olinadi. Kuchli siyosiy guruhlar jurnalistlarni o’zlariga og’dirish yoki ularning tanqidiy chiqishlarini to’xtatish uchun turli tazyiq choralarini amalga oshiradi. Masalan, Karachi shahrida Muttahida qavmi harakati va boshqa islomiy guruhlar ayrim jurnalistlarni o’ldirishgacha borgani haqida ma’lumotlar bor.

Shuningdek, Pokistonning zo’ravonlik kuchaygan shimoli-g’arbiy va janubi-g’arbiy viloyatlarida Tolibon, “Lashkari Jangvi” jangari guruhi hamda boshqa mahalliy qurollangan guruhlar tomonidan jurnalistlarga tez-tez o’lim tahdidlari bo’lib turishi aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG