Osama bin Laden o'ldirilganidan bir yil o'tib, aloqalar tarang

  • Amerika Ovozi

Abbottobodda Osama bin Laden yashagan hovli endi yo'q. Pokiston hukumati buyrug'i bilan buzib tashlandi.

Abbottobodda Osama bin Laden yashagan hovli endi yo'q. Pokiston hukumati buyrug'i bilan buzib tashlandi.

Bundan bir yil oldin Pokistonning Abbotobod shahrida al-Qoida rahbari Osama bin Laden o’ldirilgan edi. AQSh maxsus kuchlari maxfiy ravishda olib borgan operatsiya Pokiston hukumatini g’azabga keltirgan.

Vashington esa Islomobodni Osama bin Ladenni yashirganlikda ayblagan. Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarda AQSh jangarilarni havodan nishonga olar ekan, Islomobod buni suverenitetga jiddiy tahdid deb biladi. Oradagi ishonch har qachongidan past, deydi tahlilchilar.

Osama bin Laden, 1998-yilda Afg'onistonda olingan surat

Osama bin Laden, 1998-yilda Afg'onistonda olingan surat

Osama bin Laden Abbotobodda yashagan hovli hozirda buzib tashlangan.

Qo’shnilardan biri al-Qoida yetakchisi o’ldirilgan kunni shunday eslaydi:

“Vertolyotlardan biri portlaganidan keyin men ayvonga chiqib, tomosha qilganman. Yana bir vertolyot uyim ustidan uchib o’tib, Osama bin Ladenning hovlisi ustida aylana boshladi va qo’ndi…”

AQSh Afg’onistonga bostirib kirib, Tolibon va al-Qoidaga qarshi kurash boshlagach, Osama bin Laden uzoq vaqt qo‘shni Pokistonda yashirinib yurdi. Umrining oxirgi besh yilini u Abbotoboddagi hovlida uch xotini va farzandlari bilan o’tkazgan.

Bin Laden o’ldirilganidan keyin bu uyga qiziqish shu qadar katta ediki, Pokiston rahbariyati uni buzib tashlashga qaror qildi.

Biroq bin Laden asos slogan mafkurani yo’q qilish bag’oyat qiyin, deydi sobiq harbiy Shavkat Qodir.

“Tolibonning Pokistondagi a’zolari al-Qoida bilan aloqada. Shuningdek, Panjob viloyati, xususan janubda toliblarga xayrixoh odamlar ko’p. Al-Qoida Pokiston uchun hamon jiddiy muammo”,- deydi Qodir.

Osama bin Laden umrining oxiri besh yilini mana shu hovlida uch xotini va farzandlari bilan o'tkazgan

Osama bin Laden umrining oxiri besh yilini mana shu hovlida uch xotini va farzandlari bilan o'tkazgan

Boshqalar fikricha esa Pokiston rahbariyati xavfsizlikni ta’minlay olmay, chetdagi kuchlarni ayblaydi. Vaholanki, tinchlikka tahdid solayotganlar - mamlakat ichidagi qurollangan diniy guruhlar.

Bin Laden o’ldirilgach bu guruhlar AQSh havo hujumlarini Pokistonga hujum deya targ’ib qila boshladi. Hukumatda ham Amerikadan norozilik kuchaydi.

Vashington nazarida esa Osama bin Laden umumiy dushman edi va uning o’ldirilishi Pokiston uchun ham foyda bo’lgan.

Islomobod rasmiylari bu fikrga qo’shilib, diplomatik muzokaralar boshladi, lekin ular samara bermayapti.

O’tgan yilning noyabr oyida AQSh havo hujumlarida Pokistonda 24 zobit halok bo’lgani oradagi sovuqlikni yanada oshirdi.

Oq Uy Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqishga tayyorgarlik ko’rar ekan, Islomobod bilan kengroq hamkorlik qilishga intilmoqda.

Asad Munir, Pokiston razvedkasining sobiq zobiti, fikricha tomonlar bir-biriga ishona olishi amri mahol. Deyarli mumkin emas, deydi sobiq agent.

Osama bin Laden o’limidan keyingi asosiy tahdid - Pokiston va Afg’onistondagi jangarilar.

Ular al-Qoida rahbarini islom nomidan G’arbga qarshi kurash boshlagan va jihod yo’lini ko’rsatgan lider deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG