Pokiston saylovlarida yoshlar katta rol o'ynaydi

  • Amerika Ovozi

Pokistonda may oyiga belgilangan saylovlarda yoshlar katta rol o’ynashi mumkin. Bu yili saylovchilar safiga yoshi 18 dan 25 gacha bo’lgan 35 million fuqaro qo’shildi. Xo’sh, ularning ovozi amaldagi siyosatni o’zgartira oladimi?


Pokistonni azaldan ikki siyosiy sulola yoki harbiylar boshqargan. Rahbarlar nafaqat siyosiy qarashlari, balki etnik kelib chiqishi, qarindosh-urug’lariga qarab saylanadi. Mamlakat siyosiy sahnasida jiddiy o’zgarish boshlash vaqti keldi, deydi faol talabalar.

“Yoshlarning ovozi muhim, chunki ular tarafkashlik qilmaydi, shaxsiyatga qarab emas, nomzodning qarorlariga qarab ovoz beradi. Buning natijasida jiddiy o’zgarishlar bo’lishiga umid qilyapman”, - deydi Mehrom Ali Xon Vazir.

Bu yilgi saylovlar parlamentdagi kuchlar muvozanatini keskin o’zgartirmasa ham, partiyalar tushunyaptiki yoshlar istagini inobatga olish kerak, deydi student.

May oyidagi saylovda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning askariyati – 40 yoshga yetmaganlar. Lekin, deydi loxurlik faol talaba Samira Hasan, ko’plar jarayonda qatnashmasligi mumkin. Ayniqsa qishloq joylarida yosh saylovchilar mustaqil qaror qabul qilishdan yiroq, ular ota-onasining ra’yidan yuradi.

“Bu Pokiston yoshlariga xos jiddiy muammo, ota-ona chizgan chiziqdan chiqmaydi ular. Yangi siyosiy arbob uchun ovoz berishga jur’at etmaydi. Kattalar gapini qaytarmaydi”, - deydi Hasan.

Hukmron Pokiston Xalq partiyasi boshqa guruhlar bilan koalitsiya tuzib, mamlakatni boshqarmoqda. Ammo muxolifat yoshlarni o’z tomoniga og’dira olsa muvozanat o’zgarishini tushunib yetayapti.

Ayni paytda taniqli kriketchi Imron Xon rahbarligidagi Adolat harakati hamda Navoz Sharif yetakchiligidagi Musulmonlar ligasi yoshlar ko’nglini ovlash bilan band.

“Hozirgi yoshlar siyosatga ko’proq qiziqadi, saylovda faol qatnashish niyatida. Shunga qaramay ularning ishtiroki bilan tizim tubdan o’zgarishiga ko’zim yetmaydi. Saylovchilarning 65 foizi qishloq joylarida yashaydi. Ular birinchi navbatda nomzodning qayerdan ekani, qaysi sulola va qabilaga mansubligiga qaraydi”, - deydi siyosatshunos Tariq Junaid.

Haqiqatan ham saylov shunday kechsa, Habib Tohir kabi talabalarning umidlari puchga chiqishi aniq. Bizning avlod siyosiy korrupsiya va mansabni suiiste’mol qilish davriga barham berishi kerak, deb hisoblaydi u.

“Parlamentni korrupsiya botqog’iga botgan arboblardan tozalash uchun imkoniyat bu. Mamlakat kelajagini belgilashda yaqinlashayotgan saylov katta ahamiyat kasb etadi”, - deydi Tohir.

Shu paytgacha hech bir siyosiy partiya Pokiston yoshlari ko’ngliga yo’l topa olgani yo’q. Aksariyat tahlilchilar fikricha, Pokiston Xalq partiyasi yana g’alaba qilib, hokimiyatda qolishi muqarrar. Faol talabalar siyosiy o’zgarishlar asta-sekin yuz berishiga ishonadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG