Navoz Sharif Pokistonda bosh vazirlikka qaytishga shay

  • Amerika Ovozi

Lohurda ovoz berishga kelgan ayollar

Lohurda ovoz berishga kelgan ayollar

Pokistonda o'tgan parlament saylovlarida sobiq bosh vazir Navoz Sharif boshliq Musulmon Ligasi g'alaba qozongan. Bu degani Sharif yana bir bor bosh vazirlikka keladi.

Ovozlar hamon sanalmoqda va biror partiya mutlaq g'olib deya e'lon qilinmasligi mumkin. Navoz Sharif koalitsion hukumat tuzishga shay ekanini aytmoqda.

Pokiston kuchli inflyatsiya, ishsizlik, qashshoqlik, energiya taqchilligi va jangarilar iskanjasida yashaydi.

Saylov kuni qator hujumlar sodir etilib, 14 kishi o’lgan. Xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan.


Karachida ikki yerda bomba portlagan. Balujiston viloyatida esa to’rt kishi otib o’ldirilgan. Xurujlar Tolibonning ishi, deydi rasmiylar.

Xavfga qaramay ovoz berish markazlari gavjum. Ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 80 foizga yaqini saylovga chiqqani aytilmoqda.

Saylovlar ayrim hududlarda kechiktirilgan. Aprel oxiridan beri 100 dan ortiq odam nobud bo’ldi.

Hokimiyatga kelishga harakat qilganlardan biri - sobiq sportchi Imron Xon. Yoshlar orasida juda mashhur bu inson Tahriki Insof degan harakat yetakchisi. Bu partiya mo’tadil siyosatni olg’a suradi. Bugungi natijaga ko'ra, Imron Xon parlamentga qayta saylangan.

Asosiy maqsad - zamonaviy musulmon jamiyati barpo etish, deydi u. Lekin siyosatchi kampaniya paytida yiqilib tushgan, hozir kasalxonada. Partiya poygada ikkinchi o’rinda.

Prezident Osif Ali Zardariy boshchiligidagi blok, Pokiston Xalq partiyasi, uchinchi o’rinda ketmoqda. Zardariy sobiq bosh vazira, marhuma Benazir Bxuttoning turmush o’rtog’i.

272 a’zolik parlamentda eng ko’p o’rinni egallagan partiya yetakchisi bosh vazirlikka tayinlanadi va Pokistondek qashshoq, notinch va korrupsiya changalidagi davlatni boshqaradi.

Navoz Sharif

Navoz Sharif

Saylov paytida siyosatchilarni garovga olish, o’ldirish, liberal nomzodlarni nishonga olish, qabilachilik va mahalliychilik singari illatlar yanada keng qanot yozgan.

Saylov oldidan Pokiston xavfsizlik kuchlari amerikalik jurnalist, "Nyu-York Tayms" gazetasi muxbiri Deklan Volshni mamlakatdan chiqarib yubordi. Biror tushuntiruv berilmagan, lekin Volshning o'zi Pokiston hukumatini so'z va matbuot erkinligini cheklashda ayblaydi. Axborot vositalari jarayonni bemalol yoritishi uchun sharoit yo'q, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG