Pokistondagi toshqin 4 million odamni xonavayron qilgan

  • Amerika Ovozi

Pokiston janubi, aholi eng zich yashovchi tumanlarni suv bosib, minglab fuqaro hududni tashlab chiqmoqda. Armiya yomg’ir tinmayotgan Panjob va Sind viloyatlaridan odamlarni tezlikda ko’chirish harakatida.

O’tgan haftadan beri toshqin shimoli-g’arbiy mintaqani urib, 4 million kishini xonavayron qilgan. So’nggi hisob-kitoblarga ko’ra, ofat 1500 odamni hayotdan olib ketgan. Mavsumiy yomg’irlar davom etishi, ahvol yanada og’irlashishi kutilmoqda.

Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy qariyb 100 ming odam evakuatsiya qilinganini aytmoqda. Suv bosgan viloyatlarda yuqumli kasalliklar, o’lat tarqalishi ehtimoldan xoli emas.

Buning ustiga, bugun Kashmirning Pokiston nazorati ostidagi qismida avtobus daryoga qulab, kamida 20 odam o’lgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun qutqaruv ishlariga dalda berish uchun mintaqaga maxsus elchi Jan Moris Ripertni jo’natmoqda. Pokiston shimoli-g’arbi va janubida BMT xodimlari qo’li-qo’liga tegmay mehnat qilmoqda.

Shimolda toshqin hosilni nobud qilib, binolarni yuvib ketgan, millionlar ofatdan qochib, pana izlamoqda. Aksariyati chodir lagerlarda jon saqlamoqda. Vrachlarning aytishicha, kasallar ko’p.

“Suvdan hosil bo’luvchi xastaliklar ko’p uchramoqda. Birgina odamda uch-to’rt kasallik alomatlarini ko’rayapmiz: ich ketish, infeksiya, teri kasalliklari. Hammasi suvdan”, - deydi shifokorlar.

Xalqaro hamjamiyat Pokistonga yegulik, ichimlik suvi, dori-darmon va ust-bosh bilan yordam berishga harakat qilmoqda. Qo’shma Shtatlar 10 million dollar madad ajratib, harbiy vertolyotlar jo’natgan, oziq-ovqat va boshqa turdagi yordam tashish uchun. “Bu og’ir damlarda Pokistonga hamdardmiz", - deydi Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton.

“Oxirgi yillarda Pokiston bilan rishtalarni mustahkamlash ustida qattiq ishlab kelayapmiz. Haqiqiy do’st kulfatda bilinadi – hamkorlikning mohiyati ham shunda”, - deydi Klinton.

Biroq ofat natijasida mulki, hosilidan ayrilgan fuqaroga, dehqon va tadbirkorga qiyin. Hammasini qanday tiklaymay deb fig’oni-falak. Unga har qancha taskin bersang ham oz.

Aholi esa hukumatning sus harakatidan, og’ir pallada prezidentning xorijda yurganidan norozi. Yevropaga safar qilayotgan prezident Osif Ali Zardariy bugun Britaniyada.

Rasmiylar “qo’ldan kelgancha harakat qilayapmiz”, deydi. So’nggi bir necha o’n yilda Pokiston hali bundan toshqin bilan yuzlashgan emas. Shiddatli va betinim yomg’ir tufayli qutqaruv-yordam ishlari sekin kechmoqda, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG