Pokistonda Haqqoniy guruhi yetakchisi o'ldirilgan

  • Amerika Ovozi

Jaloliddin Haqqoniy (o'ngda) o'g'li Nasriddin Haqqoniy bilan. 19-oktabr, 2001-yil.

Jaloliddin Haqqoniy (o'ngda) o'g'li Nasriddin Haqqoniy bilan. 19-oktabr, 2001-yil.

Pokistonda afg’on jangari guruhi yetakchisi otib o’ldirilgan. Nasriddin Haqqoniy NATOga qarshi shafqatsiz kurash olib borayotgan tarmoq asoschisi, marhum Jaloliddin Haqqoniyning o’g’li edi. U yakshanba kuni poytaxt Islomobod tevaragida o’ldirib ketilgan.

Nasriddin Haqqoniy al-Qoidaga aloqador bu guruhning moliya vaziri va maxsus vakili edi. Uning ukasi Sirojiddin Haqqoniy guruh yetakchisi.

Guvohlarning aytishicha, yakshanba oqshom Islomobod yaqinida mototsikl mingan ikki odam Nasriddinni otib ketgan.

Hujum ortida kim turgani hali noma’lum. Uning jasadi Shimoliy Vaziriston mintaqasiga olib ketilgan va dushanba kuni Mironshoh shahrida dafn etilgan. Afg’oniston bilan chegaradosh bu hududda jangarilar erkin harakat qiladi. Haqqoniy jangchilarining bazalari ham aynan shu atrofda.

Nasriddin Haqqoniy Pokiston poytaxtida erkin yurgani AQSh e’tirozi va savollariga sabab bo’lishi mumkin.

Qo’shma Shtatlar o’tgan yili Haqqoniy guruhini terrorchi tashkilot deb belgilagan edi. Oq uy anchadan beri Pokiston razvedka xizmatini Afg’onistondagi bu va boshqa jangari guruhlarni qo’llab-quvvatlayotganlikda, ularni ko’rib-ko’rmaganga olganlikda ayblab keladi.

Haqqoniy guruhiga 1980-yillarda Afg’onistonda sovet qo’shinlariga qarshi olishib tanilgan isyonkor qo’mondon Jaloliddin Haqqoniy asos solgan.

Amerika Islomoboddan Haqqoniy manzillarini yo’q qilishni qayta-qayta talab qilgan. Pokistonning javobi shuki, armiya shundoq ham kunu tun mamlakatdagi toliblarga qarshi kurash bilan ovora.

Ammo tanqidchilar so’zlariga ko’ra, Islomobod Afg’onistondan qochgan isyonkor jangarilarga xayrixoh, natijada terrorchi guruhlar bilganini qilayapti.

Pokistonning AQShdagi sobiq elchisi Ashraf Jahongir Qozining aytishicha, o’zaro shubha va tanqidlar aloqalar rivojiga to’sqinlik qilmoqda.

“Amerika e’tirozi shundan iboratki, afg’on toliblari Pokistonda panoh topgan va bu yerdan turib qo’shni Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga hamla qilayapti. Bu orada Pokistonda asoslangan Tahriki Tolibon guruhi bor, ular Shimoliy Vaziristonda joylashib olgan va mamlakatning har yeridagi guruhlar bilan kelishib ishlaydi. Bir-biriga ulanib ketgan bari”, - deydi sobiq elchi.

Pokiston Shimoliy Vaziristondagi jangari makonlarini yo’q qilmas ekan, Qo’shma Shtatlar tashabbusni qo’lga olib uchuvchisiz samolyotlar yordamida Haqqoniy va boshqa guruhlarni bombardimon qilishga kirishdi.

Shunday ekan, Nasriddin Haqqoniy o’limi ortida Amerika turgani haqida taxminlar yangrashi ehtimoldan xoli emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG