Amerika bosimi Pokistonda norozilik kayfiyatini oshirdi

  • Amerika Ovozi

Amerika bosimi Pokistonda norozilik kayfiyatini oshirdi

Amerika bosimi Pokistonda norozilik kayfiyatini oshirdi

Pokistondagi siyosiy va diniy partiyalar rahbarlari bugun Islomobodda majlis qilib, Amerikadan kelayotgan tanqidlar, ya’ni Pokiston razvedkasi jangarilar bilan hamkor ekani haqidagi da’volarni muhokama qilayapti.

Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy deydiki, AQSh bunday “propaganda”ni bas qilishi kerak.

AQSh Qurolli Kuchlari bosh shtabi qo’mondoni, admiral Mayk Mullen o’tgan hafta Kongressda so’zlab, Pokiston razvedkasini Haqqoniy guruhi bilan aloqada ayblagan. Tolibon va al-Qoidaga daxldor bu guruhni Qo’shma Shtatlar terrorchi tashkilot deb belgilashi mumkin.

AQSh adrmirali Mayk Mullen

AQSh adrmirali Mayk Mullen

Ikki davlat orasi buzilishiga olib kelgan bu ayblov yuzasidan Oq uyga ko’plab savollar tushayapti. Admiral aytgan gaplar umuman olganda to’g’ri, deydi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni.

“Lekin bu haqda to’liq ma’lumotga ega emasmiz. Shunisi aniqki, haqqoniylar Pokistonda qo’nim topgan va ularga qarshi hech qanday chora ko’rilmayapti”, - deydi u.

Jurnalistlar bilan suhbatda, Jey Karni Vashington-Islomobod aloqalarini murakkab deya ta’riflash bilan birga Pokistonning terrorizmga qarshi kurashga qo’shayotgan hissasini yuqori baholadi.

Ittifoqchi davlatga nisbatan yangrayotgan keskin tanqidlar va buning oqibatlari ayrim doiralarda xavotir bilan qarshi olinyapti. Sabab – Pokiston ko’magisiz Afg’onistonda g’alabaga erishib bo’lmaydi.

Pokiston razvedka tizimlarida Haqqoniy tarmog’iga ko’maklashayotgan rasmiylar borligi yangilik emas, deydi tahlilchilar.

“Bunga chek qo’ying”, degan talabni Qo’shma Shtatlar oshkora tarzda emas, balki diplomatik va harbiy kanallar orqali yetkazishni ma’qul ko’radi.

So’nggi payt Pokistonda Amerikaga qarshi kayfiyat oshib borayotgani kuzatiladi.

Shu yilning yanvarida AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi xodimlari Loxurda ikki pokistonlikni o’ldirgan. May oyida esa Osama bin Ladenni yo’q qilishga qaratilgan maxfiy operatsiya o’tkazilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG