Afg'on-Pokiston chegarasida terror yetakchilari o'ldirilgan

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning Kunar viloyatida Tolibonning yana bir yetakchisi Mavlaviy Dadulloh AQSh havo hujumida halok bo’lgan. Operatsiyada yana 12 jangari o’lgan.

Mavlaviy Dadulloh o’tgan yildan beri qo’mondon edi. U boshqargan guruh asosan Afg’oniston-Pokiston chegerasidagi Bajaur qabilaviy hududida harakat qiladi, deydi rasmiylar.

Hafta boshida olib borilgan boshqa bir amaliyotda Badruddin Haqqoniy, Afg'onistondagi eng qonli xurujlar ortida turgani gumon qilingan shaxs yo'q qilingan.

Marhum Haqqoniy Terror Tizimisa muhim rol o'ynab kelgan, deydi Pokistonning iste'fodagi generali Asad Munir.

Lekin uning o'limi bilan tizim zaiflashadi deb o'ylash noto'g'ri, deydi general. Vaqtincha harakat sal passivlashishi mumkin, ammo haqqoniylar juda chuqur ildiz otgan guruh.

Uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni AQSh Markaziy Razvedka Agentligi boshqaradi. Pokiston uning hududida olib boriladigan bu operatsiyalarni qoralab keladi.

Vashington bu ishlarini ochiq tan olmaydi, ammo Afg'oniston bilan chegaradosh tog'li hudud terrorchilar makoni, Pokiston ularga qarshi zarur chora ko'rmaydi deb ta'kidlaydi.

Lekin tomonlar tortishishdan charchagan, deydi general Munir, endilikda terrorchilarni yaxshiroq nishonga oluvchi operatsiyalar ustida bosh qotirmoqda.

Mavlaviy Dadulloh va uning sheriklari qanday o'ldirilgani bunga misol, deydi keksa harbiy.

O'tgan yillar ichida Tolibon va al-Qoida o'nlab liderlaridan ayrildi. Biroq ularning o'rnini tezlikda boshqa bir odam egallaydi.

Amerika rasmiylari hozirda terrorchilar ancha zaiflashgan deydi, lekin xurujlar tingani yo'q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG