Pokistondagi janglar sabab minglab oilalar uy-joysiz qoldi

  • Amerika Ovozi

Pokistonning shimoli-g’arbiy mintaqalarida o’tkazilayotgan aksil-terror operatsiyalar tufayli minglab oilalar uy-joyini tashlab ketishga majbur. Ular soni kun sayin oshib bormoqda, deya ogohlantiradi Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

Xalqaro donorlardan qochqinlar uchun ko’proq mablag’ so’ralmoqda.

Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh g’arbiy hududlari Tolibon va al-Qoida makoni sanaladi. Armiya bu yerda nazorat o’rnatish uchun yirik operatsiyalar o’tkazgan.

Ayni damda xalqaro koalitsiya uchun yuk tashiladigan asosiy yo’nalish - Xaybar dovonida janglar ketmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo’yicha agentligida Pokiston uchun mas’ul Ahmed Varsamening aytishicha, yanvar boshidan beri 200 ming kishi bu yerlarni tark etgan. Shulardan taxminan 20 ming nafari Peshovar shahri yaqinidagi Jalozay qochqinlar lagerida jon saqlamoqda, qolganlari turli shaharlarga tarqab ketgan.

“Qochqinlarni joylashtirish tashkilot oldidagi murakkab masala”, - deydi BMT vakili. “Jalozay lageri oxirgi bir oy ichida to’rt marta kengaygan. Kuniga 2 ming oilani ro’yxatdan o’tkazyapmiz, mart oyidan beri shu ahvol. Qochqinlarning yarmidan ko’pi ayollar, bolalar va qariyalar”, - deydi u.
Pokiston hukumatiga ko’ra, gumanitar inqiroz 6 oygacha cho’zilishi mumkin. Ammo xalqaro hamjamiyat yordam bermasa, BMT qochqinlar agentligi va boshqa tashkilotlar ishini davom ettira olmaydi.

Faris Qosim - Save the Children, “Bolalarni asrang” xalqaro tashkiloti xodimi.

“Tekshiruvimiz shuni ko’rsatmoqdaki, lagerdagi bolalarning ko’pi ruhiy xastaliklarga giriftor bo’lgan, xulq-atvori o’zgarayotganini ko’rasiz. Ishtahasi yo’q, ko’chaga chiqishga qo’rqadi, chunki otishma-zo’ravonliklarga guvoh bo’lgan”, - deydi u.

Pokiston hukumati mana 10 yildan beri ekstremist guruhlarga qarshi kurash olib boradi. Xudkushlik va boshqa terror xurujlarda minglab odamning yostig’i qurigan. Lekin o’tgan bir yil mobaynida zo’ravonlik ko’lami bir oz kamaydi.

Yil boshida Peshovarda ro’y bergan qonli voqealar sabab hukumat Xaybar mintaqasiga armiyani safarbar etgan edi. Qochqinlar oqimi oshishining yana bir sababi, deydi rasmiylar, jangari guruhlar orasida kurash ketayotganidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG