AQSh va Pokiston terrorizmga qarshi birga kurashadi

  • Amerika Ovozi

Jon Kerrining o’zi Pokistonni qanchalik tanqid qilmasin, bu xalqqa yordam berish tarafdori. Yiliga 1,5 milliard dollarlik noharbiy grant ajratishga doir hujjatni yoqlab chiqqan

Jon Kerrining o’zi Pokistonni qanchalik tanqid qilmasin, bu xalqqa yordam berish tarafdori. Yiliga 1,5 milliard dollarlik noharbiy grant ajratishga doir hujjatni yoqlab chiqqan

Amerika va Pokiston ekstremizmga qarshi hamkorlikni davom ettiradi.

AQSh senatori, demokrat Jon Kerri hozir Islomobodda.

Oy boshida Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh maxsus kuchlari al-Qoida rahbari Osama bin Ladenni o’ldirganidan beri aloqalar ancha sovuqlashgan.

Amerika bu operatsiya haqida Pokistonga oldindan xabar bermagan.

Bu maxfiy operatsiya, uning sir tutilgani ajablanarli hol emas, deydi prezident Barak Obama.

Qo’shma Shtatlar o’z navbatida Pokistonni ham savolga tutmoqda.

Bin Laden Abbotobod, harbiy ob’yektlar joylashgan shaharda bamaylixotir yashab yurgan axir. Nahotki Pokiston hukumati buni bilmagan? Shu tariqa Vashington ittifoqchi davlatni ikkiyuzlamachilikda gumon qilmoqda.

Bugun Karachi shahrida jangarilar Saudiya Arabistoni diplomatini otib o’ldirgan. Tolibon Saudiya Arabistonida tug’ilib o’sgan Osama bin Laden o’limi uchun “qasos olamiz” degan edi. Saudiya Arabistoni G’arb hamkori.

Pokiston nazarida bin Ladenning yo’q qilingani - terrorizmga qarshi kurashda muhim yutuq. Lekin mamlakat parlamenti ta’rificha, bu operatsiya Pokiston suverenitetini poymol etgan, demak AQSh bilan aloqani qayta ko’rib chiqish kerak.

Qonunchilar bu kabi harakatlarni, shuningdek havo hujumlarini bas qilishni talab qilmoqda. Xalqaro koalitsiya Pokiston-Afg’oniston orasidagi tog’li hududda yashiringan jangarilarni havodan nishonga olib keladi.

Pokiston parlamenti talab bajarilmasa, Afg’onistonda NATOga yuk tashuvchi va Pokistondan o’tuvchi yo’llar bekitiladi deya ogohlantirmoqda.

Senator Jon Kerri Pokistondan oldin Afg’onistonga borgan. Bu davlat arboblari bilan muzokara qilgan.

Kecha esa Islomobodda Pokiston harbiy qo’mondoni general Ashfaq Kiyani bilan ko’rishgan. Bugun u prezident Osif Ali Zardariy va Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy bilan uchrashmoqda.

“Qaltis bir palladamiz”, - deydi Kerri. “Pokistonga nisbatan ishonch yo’qolgan. Vashingtonda bu davlatga yordamni qirqish kerak degan chaqiriqlar yangramoqda”, - deydi senator.

Jon Kerrining o’zi Pokistonni qanchalik tanqid qilmasin, bu xalqqa yordam berish tarafdori. Yiliga 1,5 milliard dollarlik noharbiy grant ajratishga doir hujjatni yoqlab chiqqan.

Qo’shma Shtatlar yiliga bu davlatga taxminan 3 milliard dollar uzatib keladi.

Kecha Pokistonda minglab odam namoyishga chiqib, AQSh bilan aloqani uzishga chaqirgan. Lekin iqtisodiy jihatdan nochor bu davlat uchun Amerika moliyaviy madadi g’oyat muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG