Pokiston prezidenti NATO sammitida qatnashadi

  • Amerika Ovozi

Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy Chikagoda bo'ladigan NATO sammitida ishtirok etadigan bo'ldi. Alyans ba'zi masalalar bo'yicha kelishmovchliklar bois uni taklif qilmoqchi emas edi. Afg'onistondagi vaziyat sammit kun tartibidagi muhim masala.

O'tgan yil noyabrida AQSh havo hujumida pokistonlik 24 askar nobud bo'lgach, Afg'onistonda joylashgan xorijiy kuchlar uchun yuk o'tish yo'llari yopilgan edi. Yaqindan beri tomonlar yo'llarni ochish xususida muzokara qilib keladi. Pokiston masala ijobiy hal bo'linishiga ishora qilgach, prezident Zardariy NATO sammitiga taklif oldi.

Anjuman yakshanba kuni boshlanadi. Ungacha yo'llar ochiladi, degan umid bor.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, shunday bo'lsa, Pokiston Afg'oniston uchun katta ish qilgan bo'lar edi.

Sammit prezident Barak Obama o'sib-ulg'aygan shaharda o'tkaziladi. O'zbekistondan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya kutilmoqda.

Anjumanda 2014-yilda xalqaro qo'shinlar Afg'onistonni tark etganidan keyingi vaziyat muhokama etiladi. Yaqinda Qo'shma Shtatlar bu davlat bilan strategik hamkorlikka doir bitim imzolab, 2014-yildan keyin ham Afg'onistonni moddiy va harbiy jihatdan qo'llashga va'da berdi.

Prezident Obamaning aytishicha, kelasi yildan boshlab, jangovar operatsiyalarda yetakchi rol afg'on xavfsizlik kuchlariga o'tadi.

"Xalqaro qo'shinlar esa ularning tayyorgarligi bilan shug'ullanadi, maslahat berib turadi va kerak bo'lganda, jang maydonida yordam qiladi", - deydi Obama.

Biroq alyans byudjeti qisqarar ekan, ayrim vazifalarni bajarish qiyinlashishi kutilmoqda.

AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha yordamchisi Filip Gordonning aytishicha, pul tanqisligi bois NATO uzoq muddatli ishni eplay olmaydi.

Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen a'zo davlatlarni resurslarini baham ko'rishga chaqirmoqda.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerrining aytishicha, ayrim davlatlarning moliyaviy majburiyatlarini ado eta olmayotgani NATOni tashvishlantirmoqda.

"Hozirgi davr tejamli bo'lishni taqozo etadi, buni tushunamiz, biroq ustuvor maqsadlarni belgilab olish zarur. Nima muhimu, nima unchalik emas", - deydi senator.

Sammitda AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasi ham muhokama etiladi. Ma'lumki, Rossiya bunga qarshi. NATO e'tirozga qaramay, loyihani amalga oshirmoqchi.

So'nggi bor NATO sammiti AQShda 13 yil oldin o'tkazilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG