Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

  • Amerika Ovozi

Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

Pokiston hukumati AQShdan “Shamsi” harbiy aerodromini bo’shatishni so’ramoqda. Shuningdek, Afg’onistonga yuk eltuvchi barcha yo’llarni yopib qo’ygan.

26-noyabr kuni NATO havo kuchlari amalga oshirgan hujumda pokistonlik 24 zobit halok bo’lgani rasmiy Islomobodni g’azabda keltirdi. So’nggi payt shundoq ham sovuqlashgan aloqalar istiqboli savol ostida.

Pokistonning Balujiston viloyatidagi “Shamsi” harbiy havo bazasini tark etish uchun AQShga 15 kun muhlat berildi. Chegara hududlarni o’ziga makon qilgan al-Qoida va Tolibonni havodan nishonga olishda qo’l kelayotgan pilotsiz samolyotlar shu bazadan uchadi.

NATO qo’shinlariga Pokiston orqali yuk yetkazuvchi yo’llar ham yopiq. Pokistonning 24 askarini hayotdan olib ketgan hujum yuzasidan tergov ketmoqda.

Pokiston Afg'oniston bilan chegarani yopdi

Pokiston Afg'oniston bilan chegarani yopdi

AQSh va NATO rasmiylari xatoni darhol tan olib, o’lganlar oilalariga ta’ziya bildirdi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan telefon muloqotda g’azabini yashirmadi. “Hujum shundan dalolatki, xalqaro qonunlar va inson hayoti siz uchun bir tiyin”, - deydi u.

Kelasi oy Germaniyaning Bonn shahrida Afg’oniston bo’yicha yirik xalqaro anjuman rejalangan. Pokiston unda qatnashmasligi mumkin.

Siyosatshunos Talat Masud deydiki, aynan shunday fojialar Pokistonda anti-amerikanizm kayfiyatini oshirishga xizmat qiladi.

“Pokistonda kim bilan gaplashmang, Amerikani agressor, yovuz kuch deb qoralashadi. Omma nazdida chegaradagi qonli hujum buni tasdiqlab turganday”, - deydi ekspert.

Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

Pokiston kecha NATO hujumida o’lgan 24 askarini dafn etdi. Bayroqqa o’ralgan tobutlar televideniye orqali butun mamlakat bo’ylab namoyish etildi. Karachi shahrida esa g’azablangan olomon AQSh konsulligini qurshovga oldi.

Talat Masud fikricha, xolis va ochiq tergov orqali taranglikni bir oz yumshatish mumkin. “G’arb razvedkasi va harbiylari xatosini ochiq tan olishi , uzr so’rab, oilalarga kompensatsiya to’lashi kerak bo’ladi”, - deydi u.

AQSh va Pokiston terrorizmga qarshi kurashda yaqin hamkor, lekin aloqalar murakkab ekani hech kimga sir emas. Pokiston razvedkasi jangarilar bilan til biriktirganlikda, ikki yoqlama o’yin o’ynayotganlikda gumon qilinadi. Lekin ularning yordamisiz Afg’onistonda biror natijaga erishish qiyin.

“Muloqot to’xtab qolmasligi kerak”, - deydi respublikachi senator Jon Kayl. “Chunki ikki mamlakat bir-biriga kerak. Lekin Islomobod moliyaviy yordam davom etsin desa, hamkorlik shartlarini astoydil bajarsin”.

Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

Pokiston AQShni havo bazasidan haydayapti, munosabatlar tahlili

Demokrat senator Richard Durbin esa ushbu bahs-munozaralarga nuqta qo’yishning boshqa bir yo’li bor deydi – Afg’onistondagi 10 yillik urushni tugatish. “Bizni Pokistonga shu urush bog’lab turibdi”.

Hamkorlikdan nima kutish mumkin, degan muhokamalarga AQSh prezidentligiga respublikachi da’vogarlardan biri - Jon Xantsmen ham qo’shildi.

“Pokiston bilan ittifoqchiligimiz nomiga ulug’ ekanini tan olishimiz kerak. Uzoq vaqt kutdik, moliyaviy yordam bilan siyladik, lekin biz kutgan natija bo’lmadi. Janubiy Osiyodan yangi hamkor qidirish kerak”, - deydi Xantsmen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG