Breaking News

NATO uchun Afg'onistonga yuk tashiydigan haydovchilar haq talab qilmoqda


Yuk mashinalari Pokistondan Afg'onistonga NATO kuchlari uchun yuk olib ketmoqda.
Yuk mashinalari Pokistondan Afg'onistonga NATO kuchlari uchun yuk olib ketmoqda.
Pokiston hukumati NATO yuklari uchun yo’llarni ochishga qaror qilgani bilan Karachi shahrida yuzlab yuk mashinalari turib qolgan.

O’tgan yil noyabrida AQSh havo hujumida pokistonlik 24 zobit o’lganidan so’ng rasmiy Islomobod yo’llarni yopib, yuk mashinalari to’planib qolgan edi. Pokiston voqea uchun AQShdan kechirim so’rashni talab qildi, biroq Amerika diplomatlari afsus va ta’ziya bildirish bilan cheklanib, tomonlar to’xtovsiz muzokara qildi. Nihoyat iyul boshida Xillari Klinton Qo’shma Shtatlar uzrini keltirgach, Pokiston hovuridan tushib, yo’llarni ochdi.

Biroq Karachidagi haydovchilar ishlamagan oylari uchun haq to’lanmaguncha joyidan qimirlamasligini aytmoqda. Ayni damda bu port-shahrida bir yarim mingdan ziyod mashinalar to’planib qolgan.

Muhammad Xon 310 ta yuk mashinasiga egalik qiladi. Kompensatsiya talab qilayotganlardan biri.

"210 kun to’xtab qolgan bo’lsak, hisobimizcha, 15 million dollar to’lashlari kerak bizga", - deydi u.

NATO Pokiston transport kompaniyalariga bu ish uchun yaxshi haq to’laydi, ammo Neft tankerlari egalari uyushmasi vakili Isror Ahmad Shinvariyning aytishicha, Afg’onistonga sayohatning o’ziga yarasha xavfi bor.

"Shu kungacha 1300 haydovchi va yordamchisi nobud bo’ldi. Ammo haydovchilar bu ishdan qaytmoqchi emas, chunki ko’pini qarzlari to’planib qolgan, yo’llar ham ancha xavfsiz hozir", - deydi Shinvariy.

Biroq xavf-xatar haydovchilarni nafaqat Afg’oniston, balki Pokiston yo’llarida ham kutmoqda. Janubi-g’arbiy Balujiston viloyatida bo’lginchi kuchlar va jangarilar yuk mashinalariga hujum qilib turadi. Pokiston hukumati ularni qo’riqlash uchun qo’shimcha chora ko’rishga majbur bo’ldi. Ammo shunda ham 10 kunlik marshrutga yurak hovuchlab chiqayotganlar topiladi.

Ulardan biri Kabir Ahmad. Uning aytishicha, ba’zilar yo’lga kompensatsiya to’lanmayotgani uchun chiqmayotgan bo’lsa, boshqalar hali ham qo’rqmoqda.

“Hukumatning yo’llarni ochish qaroridan norozi odamlar namoyishlari va Tolibon do’q-po’pisalari tufayli yuk hatto mashinalarga qayta ortilmagan hali", - deydi u.

“Janubiy ta’minot tizimi” nomini olgan tranzit yo’nalishi Afg’onistonda NATO kuchlariga yuk yetkazishning eng qulay va arzon yo’li.

Masud Afridi ismli haydovchi NATO uchun yuk tashib, 12 bor Afg’onistonga qatnagan.

“Pokistonda ish yo’q, shunga majburmiz yuk tashishga. Ta’minot tizimi yopilsa, ish yo’q, yonilg’i qimmatlashadi. Tizim qayta ishga tushsa, barcha muammolarimiz hal bo’ladi", - deydi u.

Pokiston rasmiylarining ma’lum qilishicha, bugun Jamrud shahrida NATO uchun Afg’onistonga yuk olib ketayotgan mashinalar karvoni toliblar hujumiga uchrab, bir haydovchi o’lgan, yana biri yaralangan. Bu marshrut qayta ochilganidan beri karvonga ilk hujum.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG