Pokiston poliomiyelitga qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Pokiston hukumati poliomiyelit, ya'ni falaj kasalligiga qarshi kurashda “salmoqli” yutuqqa erishdi va tez orada kasallikni batamom yo’q qilishiga ishonchi komil. Biroq Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, bu kurash yo’lida jiddiy to’siqlar bor.


2011-yilda Pokistonda 198 odam sholga chalindi. Bu boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda eng katta raqam. Lekin joriy yilda rasmiylar hisobicha, bemorlar soni 50 dan kam.

Shunga qaramay, poliomiyelitga qarchi kurashda muammolar ko’p. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Pokistondagi rasmiysi, doktor Elayas Durri so’zlariga ko’ra, shu hafta emlanishi kutilgan 32 million boladan deyarli bir millioni dori olmagan.

“Bu bolalarni ikki guruhga ajratish mumkin: hamshira bormagani sababli emlanmay qolgan bolalar va ota-onasi vaksinadan bosh tortgan bolalar”.

Bu bolalar emlanmasa, deydi doktor Durri, asab tizimini zararlovchi kuchli yuqumli kasallik o’choqlari tarqalishi va bemorlar ko’payishi mumkin. Tibbiyot xodimlarni mazkur bolalarni qidirib topishni rejalamoqda.

Bir million o’g’il-qizdan tashqari, Tolibon hukmron hududlarda yana 200 ming bola vaksinatsiyadan o’tganicha yo’q. Chunki mana uch oydirki, jangarilar Janubiy Vaziristonning kattagina qismi va Shimoliy Vaziristonda emlashni man etib qo’ygan.

“Hukumat, fuqaro jamiyati, ommaviy axborot vositalari – barchamiz jangarilar bilan muzokara olib borayapmiz. Taqiq bekor qilinishidan umidvormiz”.

Toliblar poliomiyelitga qarshi kurash aslida josuslik amaliyoti deb hisoblaydi. O’tgan yili Amerika razvedkasi mamlakatda soxta emlash kampaniyasi o’tkazib, al-Qoida rahbari Osama bin Ladenni topishga muvaffaq bo’lgan va bunda mahalliy shifokor yordam bergani ta’kidlangan edi.

Jangarilar nazarida vaksinalash bahonayu, aslida to’plangan ma’lumot AQSh maxfiy xizmatiga taqdim etiladi va natijada pilotsiz samolyotlar ularning manzillarini aniqlab, uradi. Bu hujumlar to’xtasa, emlashga ruxsat beramiz, deya shart qo’ymoqda toliblar.

Orada jabr ko’rayotgan tibbiyot xodimlari. Sholga qarshi kampaniyaga aloqador shifokorlar hujumga uchragan hollar kam emas. Sohada ko’ngilli xizmat qilayotgan 250 ming odamning xavfsizligini ta’minlash dolzarb masala.

Poliomiyelit yuqumli kasallik bo’lib, virus organizmga kirib olgach, bir necha soat o’tar-o’tmay, bolani umrbod falaj qilishi va hatto hayotdan olib ketishi mumkin. Pokiston Afg’oniston va Nigeriya barobarida kasallik hollari eng ko’p uchraydigan mamlakat.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG