Pokiston Tolibon yetakchisini qamoqdan ozod etdi

  • Amerika Ovozi

Mulla Birodar - Tolibon qo'mondonlaridan biri

Mulla Birodar - Tolibon qo'mondonlaridan biri

Pokiston tinchlik muzokaralari yo’lida Tolibon yetakchilaridan birini qamoqdan ozod qildi.


Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Ayzaz Ahmad Choudhuri Tolibon rahbari o’rinbosari Mulla Abdul G’ani Birodar qo'yib yuborilganini aytdi.

Bu qadam Tolibon va afg’on rasmiylari o’rtasida Qatarda qayta boshlanishi kutilayotgan muzokaralar oldidan o’zaro ishonchni tiklashga xizmat qiladi, dedi Choudhuri.

AQSh va uning ittifoqchilari keyingi yili Afg’onistonni tark etishdan oldin Tolibon bilan sulh tuzishga va shu bilan uzoq yillik urushga barham berishga urinmoqda.

Abdul G’ani Birodar bir paytlar Afg’onistonda Tolibonning ikkinchi qo’mondoni bo’lgan. Ammo Pokistonning Afg’onistondagi sobiq elchisi Rustam Shoh Mohmandning aytishicha, u 2010-yil Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olingach, guruh ichida ta’sir kuchini yo’qotgan.

“Uning bu paytda ozod qilingani ramziy ahamiyatga ega bo’lishi mumkin, ammo u muzokaralarning borishiga ta’sir ko’rsata olmaydi. Pokiston hukumati hamda qabila boshliqlari va Pokistondagi jangari guruhlar o’rtasida borayotgan muloqotga yoki Doxadagi to’xtab qolgan muzokaralarga uning aloqasi yo’q”, - deydi sobiq elchi.

O’tgan bir yil ichida 30 dan ortiq Tolibon a’zosi ozod qilindi. Ular Afg’onistondagi maslakdoshlarini zo’ravonlikni bas qilishga va tinchlik yo’lidagi muzokaralarga qo’shilishga chaqiradi, degan umid bor.

Hafta boshida Pokistondagi siyosiy va harbiy yetakchilar Bosh vazir Navoz Sharifning zo’ravonlik va ekstremizmni yo’q qilish uchun barcha tomonlarni muzokaraga chaqiruvchi yangi tashabbusini qo’llab chiqdi.

Pokistonning fuqarolik, harbiy va xavfsizlik sohasidagi ta’sirchan doiralari e’lon qilgan qo’shma bayonotda muzokaralarni boshlash bo’yicha ular mutlaq kelishuvga erishgani aytiladi. Ammo sobiq ichki ishlar vaziri Tasnim Nuroniyning aytishicha, jarayonning qanday yo’lga qo’yilishi va hukumat Pokistondagi Tolibon kabi ekstremist guruhlar bilan qanday muzokara olib borishi ma’lum emas.

“Hukumat muzokaralarni haligacha xavfsizlik bo’yicha strategiyamizning ustuvor vazifasi sifatida e’lon qilgani yo’q”, - deydi sobiq vazir.

Shimoli-g’arbiy Pokistondagi qabilaviy hududlarni o’rganuvchi FATA tadqiqot markazi rahbari Ashraf Alining aytishicha, muzokaralarda barchani qamrab olish niyati tug’ilganining o’zi katta siljish.

“Bu yaxshi yangilik. Ilk bor fuqarolik va harbiy tizim yetakchilari bir yoqadan bosh chiqarmoqda. Ularni bir stol atrofida ko’rish biz ilk bor guvoh bo’layotgan ijobiy harakat”, - deydi u.

Islomobod va Tolibon o’rtasidagi avvalgi muzokaralar nihoyasiga yetmagan yoki muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Tahlilchilar fikricha, Afg’onistonda Tolibonni zo’ravonlikdan to’xtatish Pokistondagi jangari guruhlarning ham zaiflashishiga olib keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG