Pokiston NATO uchun yo'llarni qayta ochishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Shu oy o'rtasida Pokiston senatorlari AQSh bilan aloqalar istiqbolini muhokama qilishi kutilmoqda.

Shu oy o'rtasida Pokiston senatorlari AQSh bilan aloqalar istiqbolini muhokama qilishi kutilmoqda.

O’tgan yil noyabrida 24 pokistonlik askar AQSh havo hujumi oqibatida halok bo’lgandan beri NATO harbiy yuklarini Afg’onistonga o’tkazish to’xtatilgan.

Pokiston parlamenti navbatdagi yig’inida ushbu masalani qayta ko’rib chiqmoqchi. Xalqaro koalitsiyaga zarur vositalar yetib borishi uchun sharoit yaratilishi va shu bilan birga tranzit to’lovi ham oshirilishi mumkin.

Mart oyi o’rtalarida Pokiston senatorlari yig’ilib, boshqa masalalar qatorida AQSh bilan aloqalar istiqbolini muhokama qilishi kutilmoqda.

Noyabr oyidagi hujumni Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy “Pokiston suverenitetiga tahdid” deya atagan edi. O’shandan beri NATO Pokiston orqali Afg’onistonga yuk o’tkaza olmayapti. Voqeaga rasmiy baho berish hamda AQSh va NATOning mamlakatda bundan buyon olib boradigan faoliyati shartlarini belgilash uchun parlament qoshida maxsus komissiya tuzilgan. Senatning navbatdagi yig’ilishida guruh xulosalari tinglanadi.

Pokistonda Amerikaga qarshi namoyishlar

Pokistonda Amerikaga qarshi namoyishlar

Mudofaa masalalari bo’yicha mutaxassis, iste’fodagi general Mahmud Shohning ta’kidlashicha, parlament Pokiston hududiy daxlsizligi va mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan yangi qoidalar e’lon qiladi. Razvedka ma’lumotlarini yig’ishda hamda chegara hududlarida olib boriladigan harbiy amaliyotlarda o’zaro hamkorlikni kuchaytirish, xorijiy razvedka xizmatlarining mamlakatda faoliyat olib borishini taqiqlash shular jumlasidan bo’ladi, deydi u.

“Pokistonda Amerikaning maxfiy agentlariga ishlashga ruxsat berilmaydi. Agar AQShga maxfiy josuslik qilayotgan biror kishi qo’lga tushsa, Pokiston yoki Amerika fuqarosi bo’lishidan qat’i nazar, jazolanadi”, deydi general Shoh.

Koalitsiya qo’shinlari uchun Afg’onistonga yuk tashiydigan transport vositalariga yangi soliqlar joriy etilishi mumkin. Pokiston sobiq Tashqi ishlar vaziri Najmiddin Shayxning aytishicha, harbiy yordamning qanday yetkazilayotgani bo’yicha yanada oshkoralikka ehtiyoj bor. Og’ir harbiy texnikaning Pokiston avtomobil va temiryo’llariga yetkazayotgan zararini qoplash uchun odatda tranzit to’lovlariga narxlar oshiriladi, deydi sobiq diplomat.

“Gap pulda emas, balki biznes kabi hamma narsani batafsil muhokama qilishda. Qanday bitimga erishishdan qat’i nazar, shartlar aniq bo’lishi kerak. Hamma narsa tartibli bo’lsin”, deydi u.

Pokiston senati koalitsiya kuchlari faoliyatiga yana ruxsat berishi kutilayotgandek bo’lsa-da, senat tashqi ishlar qo’mitasi sobiq raisi Salim Sayfulloga ko’ra, AQSh va NATO bilan aloqalarni qayta tiklash bo’yicha yangi rezolyutsiya qabul qilinadi deyishga hali erta.

“Bilasiz, parlamentda 440 ta deputat bor. Ularning nimani xohlashini oldindan bashorat qilish juda qiyin. Shunday ekan, bu masalada hukumatga qiyin bo’ladi. Ularga hamdardman”, deydi Sayfullo.

NATO kuchlari Pokiston yo’nalishi yopilgandan beri yuklarni Afg’onistonga Shimoliy Ta'minot Tizimi va havo yo’llari orqali yetkazmoqda. Yukning 80 foiziga yaqini mana shu yo'nalish orqali o’tadi. Unda O’zbekiston muhim o’rin tutadi.

“Wall Street Journal” gazetasining yoritishicha, AQSh Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib chiqish borasida Toshkent bilan ham muzokara olib bormoqda. Ammo O’zbekiston hukumati NATO harbiy texnikasini o’z hududi orqali o’tkazishga rozilik bermagani haqida taxminlar bor. Davlat departamenti mintaqaning boshqa davlatlari bilan ham bu masalada gaplashmoqda.

Pentagon rasmiylarining ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlariga Shimoliy Ta'minot Tizimi uchun yiliga jami 500 million dollar to‘lamoqda.

Harbiy yuklarni Afg’onistondan chiqarish bundan ancha qimmatga tushishi aniq. AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, bu borada eng arzon variant yuklarni Pokiston hududi orqali olib chiqishdir.

Qo’shma Shtatlar shu yil sentabrigacha Afg’onistondagi askarlari sonini 90 mingdan 68 mingga tushirishni rejalamoqda. Ularni Pokiston hududi orqali olib chiqish ko’zda tutilgan. Shunday ekan, Afg’onistondagi missiyani tugatishda Pokiston hanuz muhim ahamiyatga ega bo’lib qolaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG