Pokiston NATO uchun ta'minot yo'llarini ochishga rozi, ammo beg'araz emas

  • Amerika Ovozi

Xaybar dovoni yaqinidagi ta'minot marshruti, Pokiston

Xaybar dovoni yaqinidagi ta'minot marshruti, Pokiston

Pokiston NATO uchun qo'shni Afg'onistonga yetaklovchi ta'minot yo'llarini qayta ochishga rozi, agar alyans buning uchun pul to'lasa.

Pokiston Mudofaa vaziri Ahmad Muxtorning aytishicha, rasmiy Islomobod bu to'g'rida hali tugal qarorga kelgani yo'q. NATO yaqingacha Afg'onistondagi kuchlari uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa noharbiy anjomlarni Pokiston orqali olib o'tar edi. Ammo o'tgan oy alyans havo hujumi natijasida Pokistonning 24 harbiysi nobud bo'lgach, rasmiy Islomobod ta'minot yo'llarini yopib qo'ydi.

Vazir Muxtor nazarida so'nggi 10 yilda transport tig'izligidan yo'llar eskirgan, ularni ta'mirlashga pul kerak. NATO to'lovlari infratuzilmani yaxshilashga sarflanadi, deydi u.

Pokiston nazarida NATO ataylab uning askarlarini nishonga olgan. Biroq AQSh voqea bo'yicha tergov o'tkazib, askarlar Pokiston kuchlari hujumiga uchragach, o'zini mudofaa qilishga majbur bo'lib, javob qaytargan, degan xulosaga kelgan.

"Tomonlar xarita almashishda xatoga yo'l qo'ygani bois AQSh kuchlarida Pokistonga qarashli bazaning joylashuvi noto'g'ri belgilangan" deyiladi tergov xulosasida. Qo'shma Shtatlar nazarida Pokiston va AQSh kuchlari harakatlarini yetarli darajada muvofiqlashtirmagani fojiaga sabab bo'ldi.

AQSh Mudofaa vazirligi voqeadan afsusda ekanini aytib, qurbonlar bo'yicha ta'ziya bildirgan, ammo Pokiston talab qilganidek, voqea uchun uzr so'ramagan.

Pokiston armiyasi matbuot kotibi general-mayor Atxar Abbos Amerika o'tkazgan tergov natijasini safsata deb, birinchi bo'lib koalitsiya vertolyotlari o't ochgan, deydi. Abbos AQSh kuchlariga Pokiston bazalarining joylashuvi haqida ma'lumot ulashilmaganini inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG