Pokiston hukumati Tolibonga shart qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

Mavlono Samiul Haq, Tolibon a'zosi, hukumat bilan muzokara qilayotgan guruh vakili, Lohurdagi matbuot anjumani paytida, 15-fevral, 2014-yil.

Mavlono Samiul Haq, Tolibon a'zosi, hukumat bilan muzokara qilayotgan guruh vakili, Lohurdagi matbuot anjumani paytida, 15-fevral, 2014-yil.

Tolibon bilan yaqinda muzokara boshlagan Pokiston hukumati hafta boshida jarayonni to’xtatishga majbur bo’ldi. Xabarlarga ko’ra, jangarilar to’rt yil avval qo’lga olingan 23 zobitni o’ldirgan.

Tolibonning qabilaviy Mohmand tumanida harakatlanayotgan guruhining bildirishicha, ular hukumat qamog’idagi jangarilarning o’ldirilgani uchun qatl etilgan.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif qotillikni qoralab, muzokaralarga salbiy ta’sir qilishini aytgan. Muloqot qachon davom etishi ma’lum emas.

Hukumat Tolibondan hech bir shartsiz zo’ravonliklarni to’xtatishni talab qilgan.

Busiz, deydi hukumat tomonidan muzokarachi Irfan Siddiqiy, muloqot jonlanmaydi.

O’tgan hafta jangari xurujlarda janubdagi Karachi shahrida xavfsizlik kuchlarining 10 xodimi o’lgan.

Biroq tahlilchi va professor Rasul Baxsh Raisning aytishicha, rasmiy Islomobod muzokaralarni davom ettirishga majbur bo’ladi.

"Agar toliblar shundan keyin ham zo’ravonliklarni to’xtatmasa, armiya zarba berishiga to’g’ri keladi", - deydi u.

Tolibon tomonidan muzokaralarda qatnashayotgan Mavlono Yusuf Shohning aytishicha, jangarilarning aksariyati sulhga tayyor.

Tahriki Tolibonning bildirishicha, unga aloqador guruhlarning ko’pi qo’liga vaqtinchalik qurol olmaslikka so’z berdi. Oz sonli guruhlargina sulhga qarshi va Tolibon ularni ko’ndirishga harakat qilyapti, deydi Yusuf Shoh.

Ayrim tahlilchilar Tolibon barcha jangari guruhlar ustidan nazoratni to’liq o’rnata olganiga, bu hol esa muzokaralardan kutilgan natija berishiga shubha bilan qaramoqda.

Bu o'rtada kecha Pokistonning Peshovar shahrida qurollangan notanish odamlar Afg’onistonda Tolibonning sobiq vaziri Maulvi Abdul Raqib Taxariyni otib ketgan.

Marhum Tolibonning Turkiyada yashovchi yetakchilaridan biri Mutasim Og’a Jonning yaqin maslakdoshi edi, O’ga Jon esa prezident Hamid Karzay bilan tinchlik bitimini imzolash tarafdori. U Raqibning o’ldirilganini qoraladi va buning ortida Afg’oniston tinchligi dushmanlari turganini aytdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG