Pokistonda Tolibon hukumatga shart qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

Pokistonlik toliblar

Pokistonlik toliblar

Afg’on rasmiylari yaqinda Fransiyada Tolibon va yana bir necha jangari guruhlari vakillari bilan yopiq eshiklar ortida muzokara qildi. Pokistonda esa Tolibon hukumatga shart qo’ymoqda.

Tolibonning Pokistonda joylashgan guruhiga ko’ra, hukumat murosa qilishni, zo’ravonliklarning to’xtashini istasa, mamlakat qonunlarini shariatga moslab, AQSh bilan aloqani uzishi lozim.

Toliblar, shuningdek, Islomoboddan qo’shni Afg’onistondagi jangarilarni Kobulga qarshi gijgijlatishni bas qilib, diqqatni Hindistonga qarshi harakatlarga qaratishni talab qilmoqda.

Ayni damda AQSh va NATO qo’shinlarini 2014-yil oxirigacha Afg’onistondan chiqarishga tayyorlanar ekan, Hamid Karzay hukumati ham toliblar bilan tinchlikka erishishni maqsad qilgan.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Pokistondagi toliblar safida nizo chiqqan. Guruh yetakchisi Hakimulla Ma’sud amaliyotlar bo’yicha qo’mondonlikni o’rinbosari Vali ar-Rahmonga boy bergan. Rahmon Islomobod bilan murosa qilish tarafdori bo’lgan jangarilardan ekani aytiladi. Biroq Tolibon Ma’sud qo’mondonlikni qo’ldan chiqarganini inkor etmoqda.

Aytish joiz, Afg’oniston Toliboni Pokiston Tolibonidan farq qiladi. Pokistondagi guruhning asl nomi Tahrik-i-Tolibon Pokiston bo’lib, u, asosan, harbiylar va aholiga qarshi xurujlar uyushtirgan.

Rasmiylardan biri jangarilarni “bir to’da jinoyatchilar” deb atab, ular bilan muzokara ehtimolini inkor etdi.

“Bu toliblar Afg’onistondagi Tolibonga yetmaydi”, - deydi u.

Pokiston rasmiysining aytishicha, Tahrik-i-Tolibon taklifini jiddiy qabul qilib bo’lmaydi, chunki ular hech qachon hokimiyatda bo’lmagan, muzokara qilish uchun yuridik maqomi yo’q.

Jangarilar olg’a surayotgan sulh shartlariga ko’ra, Islomobod qonunlarni tahrir qilishi, konstitutsiyani shariatga moslashi, tashqi siyosatga tuzatish kiritishi va AQSh talablariga ko’nishni bas qilishi lozim.

Tolibon nazarida Pokiston armiyasi AQShning yollanma jangarilari vazifasini o’tamoqda.

"Hukumatning eng katta xatosi shuki, Afg’onistonda Amerika uchun jang qilib, mojaroni Pokistonga olib keldi”, - deydi guruh so’zlovchisi Ehsonulla Ehson.

Bu o’rtada Pokiston shimoli-g’arbida jangarilar ikki joyda nazorat punktiga hujum qilib, ikki askarni o’ldirgan, 22 nafarini hibsga olgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG