Pokistonda Tolibon yetakchilaridan biri o'ldirildi

  • Amerika Ovozi

Xavfsizlik xodimlari portlash yuz bergan joyni tekshirmoqda, Ko'hat, Haybar Paxtunxva viloyati, Pokiston, 23-fevral, 2014-yil.

Xavfsizlik xodimlari portlash yuz bergan joyni tekshirmoqda, Ko'hat, Haybar Paxtunxva viloyati, Pokiston, 23-fevral, 2014-yil.

24-fevral kuni Pokistondagi Tolibon guruhi yetakchilaridan biri otib o’ldirildi. Islomoboddagi rasmiylarning aytishicha, jangarilarga qarshi kurashda Pokiston muhim burilish nuqtasiga kirmoqda.

Dushanba kuni noma’lum qurollangan shaxslar Tolibon qo’mondoni Asmatulloh Shahin ketayotgan mashinani o’qqa tutib, uni va mashinadagi yana bir necha kishini o’ldirgan.

Shahin qarindoshlarining aytishicha, hodisa Shimoliy Vaziristonning jangarilar tas’iri kuchli bo’lgan hududida ro’y bergan.

Hujumni kim uyushtirgani noma’lum. Mahalliy rasmiylarga ko'ra, bu muxolif jangari guruhlar ishi bo’lishi mumkin.

Qotillik markaziy hukumat jangarilar bilan tinchlik muzokaralarini kuchaytirayotgan bir paytda sodir bo’ldi, deydi Ichki ishlar vaziri Choudxuri Nisar Ali Xon.

Uning aytishicha, nima bo’lishidan qat’i nazar, tinchlik o’rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlar davom etadi.

Tahlilchilarga ko’ra, Shahinning o’limi Tahriki Tolibon guruhi ichida hukmronlik uchun kurash kuchayganidan dalolat berishi mumkin. Bu guruh Pokiston chegara hududlarida faoliyat olib boradigan islomiy jangarilarning tarqoq tarmog’i hisoblanadi.

To’xtovsiz davom etayotgan turli hujumlar, ayniqsa, Karachi shahridagi portlashlar tinchlik o’rnatishga qaratilgan siyosiy muloqotga rahna solmoqda.

Iste’fodagi general Mahmud Shohning aytishicha, muammoga harbiy yechim topish tarafdorlari borgan sari ko’payib bormoqda.

“Muzokaralar boshlangandan beri 460 odam o’ldirildi. Shunday ekan, nazarimda, ular harbiy amaliyot o’tkazishga yechim sifatida xayrixohlik bildirishmoqda”, - deydi u.

Tolibon hujumlarida bir qator xavfsizlik xodimlari halok bo’lgach, mamlakat harbiylari allaqachon qarshi amaliyotlarni boshlab yubordi.

Bosh vazir Navoz Sharif sayov kampaniyasi davrida Tolibon jangarilari bilan tinchlik bitimi tuzishni asosiy maqsadi sifatida ko’targan edi.

2013-yilgi dron hujumida Pokiston Toliboni rahbari Hakimulloh Mehsud halok bo’lgach, guruh Shahinni o’ziga muvaqqat rahbat etib tanlagan edi. Keyinroq Shahin o’rnini jangarilarning hozirgi yetakchisi Mulla Fazlulloh egalladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG