Turkiya Pokistondan Fathulla Gulen maktablarini yopishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya rahbariyati Pokistondagi Fathulla Gulen tarafdorlari boshqargani aytilayotgan ta’lim muassasalari va bizneslarni yopish talabi bilan rasmiy Islomobodga bosim o’tkazmoqda. Anqara davlat to’ntarishiga urinish ortida aynan Gulen tarafdorlari turgan, deydi.

Islomobod rasmiylari anchadan beri Gulenga tegishli ta’lim dargohlarini yopish masalasini o’rganayotganini bildirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQShda yashaydigan imom Fathulla Gulenni to’ntarishda ayblab, uni ekstraditsiya qilish talabi bilan chiqdi. Biroq Gulen bu voqealarga aloqadorligini inkor etdi. Rasmiy Vashington esa Anqaradan iddaolarni isbotlovchi dalillarni talab qilmoqda.

“Turkiya bilan do’stmiz, ularning xavotirlarini qonun doirasida ko’rib chiqishimiz kerak”, - deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirligi xodimi.

Minglab pokistonlik talabalar Gulenga tegishli tijoriy tarmoqqa a’zo o’quv muassasalarida o’qiydi. Pokistonda 20 yildan beri faoliyat yuritadigan tarmoq PAKTURK Xalqaro maktablar va kollejlar deb ataladi.

Bundan tashqari Gulen mamlakatda Rumiy forumini ta’sis etgan. Bu tadqiqot markazidan maqsad turk olimlariga Pokiston universitetlarida, pokistonlik olimlarga esa Turkiya ilm dargohlarida ma’ruzalar o'qishni tashkil etish orqali madaniyatlararo va intellektual muloqotni rivojlantirishdan iborat.

Pokiston rasmiylari Gulenga tegishli ta’lim dargohlarini batamom yopish jiddiy muammolarga olib kelishi mumkinligini tan olmoqda va muammoning boshqa yechimi topiladi, degan umidda.

“Turkiya bu maktablarni bundan buyon boshqaradigan kompaniya topishi kerak. Chunki maktablarning yopilishi bilan o’quvchi va talabalarga zarar yetkaziladi. Rahbariyatni o’zgartirish bizga ma’qulroq yo’l”, - deydi Pokiston rasmiylaridan biri.

Anqara “barcha do’stona mamlakatlar"dan Gulen faoliyatiga chek qo’yishni so’ragan.

Erdog’an prezident etib saylanganidan buyon Turkiya va Pokiston aloqalari chuqurlashdi va kengaydi.

Bosh vazir Navoz Sharif davlat to’ntarishiga urinishni qoralab, Erdog’anga birdamlik bildirishga shoshildi.

Gulen tarmog’i o’z internet saytida o’zini “xayriya va nosiyosiy tashkilot” deb ataydi hamda Turkiyadagi hech bir siyosatchi yoki harakatga aloqasi yo’qligini ta’kidlaydi.

Pokistondagi Rumiy forumi o’tgan hafta Gulen ismini internet sahifasidan olib tashladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG