Pokistonga yordam kesilsa, jangarilarga qarshi operatsiya ham to'xtatilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Pokiston askarlari

Pokiston askarlari

Barak Obama ma'muriyati Pokistonga ajratiladigan harbiy yordamni kesishini ma'lum qilmoqda. Gap yuz millionlab dollar pul haqida ketmoqda. Tahlilchilar nazarida Oq Uy Pokiston siyosatidan toqati toq bo'lgan. Ammo boshqalar rasmiy Vashington terrorga qarshi urushdagi ittifoqchiga bunday muomala qilish yaxshi emas, deydi.

AQSh hukumati harbiy yordamni 800 million dollarga qisqartirish arafasida ekan, shu paytgacha Pokistonga nisbatan bunday siyosat kuzatilmagan.

AQSh Davlat departamenti sobiq rasmiysi, hozirda Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Daniel Markining aytishicha, Oq Uy qarori munosabatlar haqiqatan sovuqlashganidan darakdir.

"Bu bilan muammo hal etilishiga ko'zim yetmaydi. Aksincha, aloqalar battar yomonlashishi mumkin", - deydi u.

O'tgan yili Qo'shma Shtatlar Pokistonga salkam 4,5 milliard dollarlik yordam ko'rsatgan. Yarmi harbiy xarajatlar uchun. Daniel Markining aytishicha, Oq Uy Kongress bosimi ostida yordamni qisqartirayotgan bo'lishi mumkin.

"Qo'shma Shtatlar Pokiston uning chizgan chizig'idan yurmayotganidan norozi. Kongress yordam hajmini keskin qisqartiradi deb o'ylagan Oq Uy bu ishga undan oldin qo'l urdi. Pul kechiktiriladi, xolos, chunki uning bir qismi jangarilarga qarshi operatsiyalarga mo'ljallangan", - deydi tahlilchi.

AQSh Harbiy kolleji professori Larri Gudson nazarida Oq Uy pulni ajratmay o't bilan o'ynashmoqda. Amerika va NATO ning Afg'onistondagi kuchlari uchun har kuni yetkazilayotgan yukning katta qismi aynan Pokiston orqali o'tadi, deydi u.

"Bu xuddiki, bo'g'zingizdan ushlab turgan odamga "qattiq siqa ko'rma, aks holda jahlim chiqadi" degan gapga o'xshaydi. Ta'minot yo'llari Pokiston nazorati ostida. AQShdan norozi bo'lganida bungacha bir necha bor karvonlarimizga hujumlar bo'lgan", - deydi Gudson.

Qo'shma Shtatlar shikoyati shuki, Pokiston afg'on chegarasi yaqinidagi hududlarda o'rnashib olgan jangarilarga qarshi yetarlicha kurashmayapti.

Rasmiylarning bildirishicha, Amerika Pokistonga jangarilar joylashuvi haqida razvedka ma'lumotlari uzatishni istamaydi. Pokiston razvedkasida jangarilarga xayrixoh odamlar bor, degan shubhalar sabab. Natijada rasmiy Islomobod Abbotobod shahrida Osama bin Ladenga qarshi operatsiyadan bexabar qoldi. O'z hududida bo'layotgan voqealarni xalqaro matbuotdan eshitgan hukumat AQShga jahl qilib, qovog'ini soldi.

Pokistonda ayrimlar Qo'shma Shtatlar bilan hamkorlikni cheklashga, yordam olishni to'xtatishga chaqiradi. AQShning hozirgi qarori u bilan hamkorlikka moyil rasmiylar va harbiylar tilini qisib qo'yishi mumkin. Bu esa Afg'onistondan qo'shinlarini chiqarishga shay turgan hamda mojaroga siyosiy yechim izlayotgan Amerikaga qimmatga tushishi turgan gap.

Pokiston sobiq prezidenti Parvez Musharraf Qo'shma Shtatlar uning davlatiga harbiy yordamni kesayotganidan afsusda. Musharraf Texas shtatining Xyuston shahridagi universitetda so'zlar ekan, AQSh bu bilan terrorga qarshi kurashga putur yetkazmoqda, deydi.

Qo'shma Shtatlar 2,7 milliard dollarlik yillik harbiy yordamini 800 million dollarga kamaytirishi haqida ma'lum qilgan.

Kuni kecha Pokiston armiyasi vakili general-mayor Atxar Abbos bu hol al-Qoida va Tolibonga qarshi kampaniyaga ta'sir qilmaydi, degan edi. Ammo bugun Mudofaa vaziri Ahmad Muxtorning aytishicha, agar AQSh yordamni kamaytirsa, qabilaviy tog'li hududlarda jangarilarga qarshi harbiy kampaniya to'xtashi mumkin.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, harbiy yordam kamaygani bilan Pokistonga nisbatan siyosat o'zgarmaydi. Ammo, deydi Klinton, sheriklik hamkorlik asosida bo'lishi lozim.

Pokiston rasmiylarining bildirishicha, so'nggi ikki kun ichida Shimoliy va Janubiy Vaziriston mintaqalarida AQSh havo hujumida kamida 38 jangari yo'q qilingan. Raketalar toliblar o'rnashgan uch joyni nishonga olgani ma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG