Breaking News

Pokiston taktik yadroviy qurollari sonini oshiraveradi


Vashingtonda yadro xavfsizligi bo'yicha o'tadigan xalqaro anjuman oldidan AQSh Pokistonni yana bir bor yadroviy arsenalini kamaytirishga undadi. Islomobod qo'shni Hindiston bilan mojaro chiqqan taqdirda bunday qurollardan foydalanishi mumkinligini ochiq aytadi.

Pokiston so'nggi yillarda taktik yadroviy qurollarini ko'paytirmoqda.

"Bunday qurollar ustida ishlayotganimizni yashirmaymiz, jarayon davom etadi", - deydi Xolid Ahmad Kidvay, ushbu dastur bo'yicha hukumat maslahatchisi.

Strategik yadroviy qurollar katta hududlarda qo'llanib, dushman tarafni urush ochish qobiliyatidan ayirishga mo'ljallangan. Taktik yadro qurollar esa odatda kichikroq, mobil va ularni jang maydonida ishlatish mumkin.

O'tgan hafta AQSh Davlat kotibi muovini Rouz Gottemoller Kongressda so'zlar ekan, Pokistonning o'z yadroviy arsenali xavfsizligini ta'minlash yo'lida ko'rgan choralarini olqishladi. Shu bilan birga, taktik qurollar programmasini tanqidga oldi.

"Jang maydoniga yetkazilgan atom qurollari xavfsizligini kafolatlay olmaysiz. Pokiston yuritayotgan programmaning xavotirli jihati ham shu. Bu haqda ular bilan ko'p marta gaplashganmiz", - deydi diplomat.

Vashingtonda 31-mart, 1-aprel kunlari o'tadigan yadro xavfsizligiga doir anjumanda Pokiston va Hindiston rahbarlari ham qatnashadi. Ikki davlat uch urushni boshdan kechirgan va yadroviy salohiyat bobida bir-biridan qolishmaslikka harakat qiladi.

Pokiston rasmiysi Xolid Ahmad Kidvay Islomoboddagi strategik tadqiqotlar instutitida qilgan chiqishida Hindistonni o'z davlatining yagona dushmani deb atadi. Hindiston ishlab chiqqan yangi harbiy doktrinaga javob berishga majburmiz, deydi u.

"Pokiston atom dasturini qisqartirmaydi. Bizga qarshi qandaydir cheklovlar joriy etish behuda ish", - deydi Ahmad Kidvay.

Hukumatning yadroviy qurollar bo'yicha maslahatchisi, xususan, AQSh ommaviy axborot vositalarini Pokistonni "dushmanona va noxolis" ruhda yoritayotganlikda aybladi. Pokiston yadroviy arsenalini kengaytirishda dunyoda peshqadam, degan xabarlar asossiz, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG