Breaking News

Pokiston parlamenti AQSh bilan yangi shartlar asosida hamkorlik qilish talabi bilan chiqdi


Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy parlamentda so'zlamoqda
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy parlamentda so'zlamoqda

Gap xavfsizlik bobidagi hamkorlik haqida ketmoqda. AQSh-Islomobod aloqalari so'nggi oylarda sovuq ekan, har ikki davlat rasmiylari munosabatlarni qayta ko'rib chiqishga chaqirmoqda, biroq ularning qanday bo'lishi haqida tomonlar turlicha tasavvurga ega. Pokistonda asosan qonunchilar bu borada faol.

Deputatlar talablari shuki, Qo'shma Shtatlar Pokiston hududida pilotsiz samolyot hujumlari hamda harbiy va razvedka operatsiyalarini bas qilishi lozim. Parlament hukumatga AQSh razvedkasi agentlari va qo'riqchilik bilan shug'ullanuvchi mutaxassislarini Pokistonga kiritmaslikni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, Amerika o'tgan yil noyabrida 24 pokistonlik askarni o'ldirgan AQSh havo hujumi uchun uzr so'rashi shart, deydi qonunchilar.

O'tgan hafta parlament mana shu talablar bitilgan hujjatni bir ovozdan qabul qildi.
AQSh davlat kotibining Janubiy Osiyo bo'yicha sobiq yordamchisi Terezita Shefferning aytishicha, odatda o'zini passiv tutadigan parlament bu kabi nozik milliy xavfsizlik masalasi bo'yicha tashabbusni qo'lga oldi. Aslida hukumat ham, armiya ham qonunchilar bilan bu masalada hamfikr, deydi Sheffer.

"Pokiston tarixida parlament tashqi siyosatga doir masalada o'zini bunday tutmagan hali. Hukumat va armiya buni ochiqchasiga o'zi qilolmagani bois deputatlarni jalb etdi", - deydi ekspert.

Noyabrdagi hodisadan so'ng Pokiston AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'shinlari uchun yuk eltuvchi yo'llarni yopib qo'ydi. Agar Vashington hamkorlikka doir yangi shartlarni qabul qilsa, ta'minot yo'llari ochilishi mumkin.

Biroq tahlilchilar nazarida Pokiston bunga rozi bo'lmagan taqdirda ham Qo'shma Shtatlar yukni Afg'onistonga havodan tashishga ancha ko'nikib qolgan.

Vashingtondagi Jorjtaun universitetida Janubiy Osiyo bo'yicha mutaxassis Kristin Feyrning aytishicha, yukni samolyotda tashish qimmatroq bo'lgani bilan uni yo'lda to'xtatib qolishlari yoki o'marishlari to'g'risida xavotir olmasa bo'ladi.

"Bu mavzuda muammo yo'q. Ammo pilotsiz samolyotlar parvozi AQSh uchun juda muhimdir", - deydi Feyr.

Qo'shma Shtatlar Pokistonda yashiringan terrorchilarni havodan nishonga olib turadi. Rasmiy Islomobod ularga qarshi bo'lgani bilan parvozlarni butunlay taqiqlamagan, chunki terrorga qarshi kurashda bu usulning ahamiyatini yaxshi anglaydi. Ayrim kuzatuvchilar ta'biricha, prezident Osif Ali Zardariy hukumati parvozlarga yashirincha "xo'p" degan, biroq buni tasdiqlovchi dalillar yo'q.

Tahlilchi Terezita Shefferning aytishicha, Pokiston parlamenti haddan tashqari harakat qilib, hukumatga zarar yetkazishi ham mumkin, ayniqsa mabodo AQSh va Afg'oniston o'rtasidagi mavjud maxfiy kelishuvlar yuzaga chiqqudek bo'lsa.

Kristin Feyr Pokiston parlamentining faolligini olqishlaydi, ammo AQSh bilan xavfsizlikka doir munosabatlarni sharoit va vaziyatga qarab armiya belgilaydi, deydi.

AQSh rasmiylari parlament talablarini Pokiston hukumati bilan muhokama etishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG