Breaking News

AQSh nazarida Pokiston hamon ishonchli ittifoqchi


Afg'on-Pokiston chegarasida
Afg'on-Pokiston chegarasida

Oq Uyga ko’ra, prezident Barak Obama Pokistonni hamon ektremizmga qarshi kurashda kuchli ittifoqchi deb biladi.

Tolibon va unga hamkor to’dalar Afg’onistonda xalqaro koalitsiya uchun atalgan yuklar o’tuvchi yo’llarga xavf solar ekan, ikki davlat yirik chegara punktlarining yopilishi haqida gaplashmoqda.

Pokiston rasmiylarining aytishicha, AQSh havo hujumlari Afg’oniston bilan chegaradosh mintaqada sakkiz jangarini, xususan, Germaniya fuqarolarini o’ldirgan.

Bu yerda asoslangan terrorist kuchlar Britaniya, Fransiya va Germaniyada xurujlar rejalagani fosh etilgach, Amerika Pokistonning bu tog’li hududlarida hujumlarga zo’r bermoqda. Sentabr oyida bu yerda 21 operatsiya o’tkazilgan.

Bunga javob tariqasida kecha Tolibon Islomobod va Baluchistonda NATO yonilg’i karvoniga hamla qilgan. 20 tankerga o’t qo’yilgan. Uch kishi halok bo’lgani ma’lum.

NATO kuchlariga yonilg'i tashuvchi vositalar Tolibon xurujiga uchramoqda
NATO kuchlariga yonilg'i tashuvchi vositalar Tolibon xurujiga uchramoqda

O’tgan payshanbadan beri bu singari to’rt hujum kuzatildi. Pokiston hozir Xaybar dovonidagi Torkum chegara punktini yopib qo’ygan.

Bu davlat NATO va AQShni uning hududida ruxsatsiz operatsiyalar olib borayotganlikda ayblamoqda. Ularda, deydi rasmiylar, uch pokistonlik askar halok bo’lgan. NATO bu voqea yuzasidan tekshiruv boshlagan.

Vashington Pokistondagi vaziyatdan qattiq tashvishda, ammo aloqalar hamon mustahkam deyishda davom etmoqda.

“Biz Afg’oniston va Pokistonga kuchli hamkorlar sifatida qaraymiz. Ekstremizmga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashishga kelishganmiz”,- deydi Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs.

Obama ma’muriyati nazarida Amerika xalqi Afg’oniston va Pokistondagi harakatlarni quvvatlaydi.

“Afg’onistonni ekstremist kuchlardan tozalash oson emasligini biladi odamlar. Bunga qanday erishish yuzasidan bir fikrda emasdirmiz, ammo hamma tinchlik istaydi”,- deydi Robert Gibbs.

Davlat departamenti ham Pokiston bilan ayrim ziddiyatlar borligini tan oladi, ammo kelishmasdan iloj yo’q deydi. Chunki, deydi rasmiylar, ekstremistlar aynan shu davlatda joylashib olgan va aynan unga eng ko’p raxna solmoqda.

AQSh va NATOni zarur mahsulot bilan ta’minlaydigan muqobil, ishonchli yo’llar bor, deydi departament vakili Filip Krouli. Tolibon hujumlari ta’minotga katta zarar yetkazmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG