Pokistonda jangarilar hokim hayotiga suiqasd uyushtirdi

  • Amerika Ovozi

Pokistonda jangarilar hokim hayotiga suiqasd uyushtirdi

Pokistonda jangarilar hokim hayotiga suiqasd uyushtirdi

Bugun Pokiston shimoli-g’arbida, O’rakzoy tumanida jangarilar rasmiylar yig’inini nishonga olib, bir kishini o’ldirgan. Majlisni chaqirgan Xaybar-Paxtunxva viloyati hokimi Masud Kavsar omon qolgan.

Balujiston viloyatida esa qurollangan kishilar Afg’onistonda NATO askarlari uchun atalgan neft tankeriga o’t qo’ygan.

NATO esa Pokistonni tanqid qilib, Afg’oniston bilan chegarada jangarilarni tiya olmayotganlikda ayblamoqda. Shu bilan birga, yaqinda AQSh diplomati Pokistonga borishi kutilib, Vashington bu davlat jahlini chiqarmaslik va umumiy manfaatlarga urg’u berish harakatida.

Afg’onistonda jang qilayotgan NATO qo’mondonlari fikricha, Pokiston shundoq biqinida yurgan terrorchilarni jilovlashi kerak.

“Pokiston hukumati terrorizmga qarshi kurashib, ancha-muncha qon to’kkanini bilamiz. Lekin buning o’zi yetarli emas”, - deydi general Karsten Yekobson.

“Pokistonda o’rnashib olgan Haqqoniy bo’ladimi yoki Tolibon, hammamiz, Afg’oniston, Pokiston va xalqaro hamjamiyat birga kurashishi kerak”, - deydi general.

AQSh qurolli shtabi raisi, admiral Mayk Myullen o’tgan oy iste’foga chiqishi oldidan Pokistonni qattiq tanqid qildi.

“Haqqoniy jangari guruhi Pokiston razvedkasining o’ng qo’li”, - dedi Myullen. Uning chiqishi Islomobodni g’azablantirdi. Amerika qonunchilari Pokistonga yordamni uzish kerak, deb qoldi.

AQSh diplomatlari Pokiston terrorizmga qarshi hamkorimiz, deya eslatadi.

Vashingtonning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Mark Grossman hafta oxirida Islomobodga boradi. O’tgan shanba Kobulda bergan intervyusida Grossman 2003-yildan beri pokistonlik 19 000 fuqaro jon berganini ta’kidlab o’tdi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Taxmina Janjua Obama ma’muriyatining so’nggi bayonotlaridan mamnun.

“Ikki davlat hamkorlikdan yutadi. Davlat kotibasi Xillari Klinton ham buning ahamiyatini eslatib yaxshi qildi”, - deydi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG