Qo'shma Shtatlar Falastinga qo'shimcha moliyaviy yordam ajratmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Falastinga qo'shimcha moliyaviy yordam ajratmoqda

Qo'shma Shtatlar Falastinga qo'shimcha moliyaviy yordam ajratmoqda

150 million dollar Falastin muxtoriyatiga byudjet kamomadini yopish va aholiga ba'zi xizmatlarni ko'rsatish uchun berilmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda Misr Tashqi ishlar vaziri Ahmad Abulg'ayt bilan uchrashar ekan, Falastinga qo'shimcha moliyaviy yordam ajratilishi haqida ma'lum qildi. Ertaga Klinton Nyu-Yorkda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muloqot qiladi.

Klinton misrlik hamkasbi bilan Yaqin Sharq tinchlik jarayonini muhokama qilgan.

"Isroil-Falastin mojarosini hal etishga qaratilgan harakatlarimizni kuchaytirish, Sudanda ahvolni barqarorlashtirishda yordam berishimiz, Livanda adliya tizimini rivojlantirishga ko'maklashishimiz lozim", - deydi Klinton Ahmad Abulg'ayt bilan uchrashuvi yakunlariga xulosa qilar ekan.

Davlat kotibi Isroilning Sharqiy Quddusda 1300 ta yangi uy qurish qarorini tanqid qildi. Misr tashqi ishlar vaziri AQShning Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishga qaratilgan harakatlari samimiy ekanidan shubhalanmasligini aytib, Isroil tinchlikka bo'lgan intilishini jiddiy namoyish etishi kerak, dedi.

"Isroil o'z majburiyatlarini bajarmayotganidan xavotirdamiz", - deydi Abulg'ayt.

Falastinliklar Isroil qurilishlarni to'xtatmaguncha muzokaraga qaytmaymiz, demoqda. Vaziyat o'zgarmasa, deydi Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekat, mustaqillik e'lon qilib, BMTdan uni tan olishini so'raymiz.

Klintonning aytishicha, Isroil va Falastin bir tomonlama harakatlardan o'zini tiyishi kerak, aks holda tinchlik jarayoniga putur yetadi.

AQSh davlat kotibi Falastin muxtoriyatiga byudjet kamomadini yopish va aholiga ba'zi xizmatlarni ko'rsatish uchun 150 million dollar ajratilgani haqida ham ma'lum qildi.

Jami joriy yilda AQShning Falastinga yordami va sarmoyalari 600 million dollarga yaqinlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG