Falastin masalasi BMT muhokamasida, Quddusda esa yana qurilish

  • Amerika Ovozi

Falastin masalasi BMT muhokamasida, Quddusda esa yana qurilish

Falastin masalasi BMT muhokamasida, Quddusda esa yana qurilish

BMT Xavfsizlik Kengashida Falastinga doir muhokamalar boshlanay deb turganda, Isroil Sharqiy Quddusda qurilishni yana kengaytirmoqchi. 1,100 xonadon bunyod etish rejalangan.

AQSh, Yevropa va Falastin ma’muriyati bu qarorni qoralab, yahudiy davlatini provokatsiyada ayblagan. “Bunday harakatlar oradagi oz ishonchi ham yemiradi”, -deydi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Falastin arizasi bugun Xavfsizlik Kengashi qoshidagi qo’mitaga uzatildi. Ilk majlis 30-sentabrga belgilangan.

Ko’plab tahlilchilar Falastin oldida BMTga murojaat qilishdan boshqa yo’l qolmagan edi, deb hisoblaydi.

“Chunki hozirgi kunda tinchlik muzokaralaridan naf yo’q. Falastinliklar Isroildan qayta-qayta so’ragan: 1967-yilgi chegarani o’tirib muhokama qilaylik, Quddusni bo’lishaylik deb. Lekin yahudiy davlatining o’zgarmas shartlari bor”, - deydi sobiq diplomat Karn Ross.

Isroil va AQSh ta’kidiga ko’ra, Falastinning Isroil bilan til topishmay turib mustaqillikka da’vo qilishi katta xato, chunki bo’lajak muzokaralar va o’zaro ishonchning beliga tepadi. Yechim ikki tomon rahbarlarining qo’lida.

Oradagi azaliy muammolar - chegara, Quddus maqomi, qochqinlar hamda muzokara to’xtab qolishiga sababchi bo’lgan asosiy omil – bosib olingan yerlarda yahudiy mahallalari kengayayotganidir.

“Falastinni g’azabga solayotgani ham shunisi. Tomonlar muzokara stoliga o’tiraman deguncha ular mavjud yeridan ham ayriladi”, - deydi Yaqin Sharq masalalari bo’yicha ekspert Favaz Gerges.

BMT Xavfsizlik Kengashida Falastin arizasi yuzasidan muhokamalar bir necha oy vaqt olishi mumkin. Vositachi to’rtlik – AQSh, Yevropa, BMT va Rossiya bu orada har ikki tomon uchun ma’qul bir yechim qidiryapti.

Nazardan chetda qolayotgan yana bir muhim masala bor, deydi Xolid Elgindi, Falastin hukumati sobiq a’zosi.

“Bu ham bo’lsa G’azodagi vaziyat va bu yerda hukmron Xamas guruhi. Obama ma’muriyati muxtoriyatning jangari qanoti bilan ish ko’rishni ham istamaydi. Vaholanki, davomiy tinchlik bo’lsin desak, ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy muammolarga birdek e’tibor zarur”, - deya mulohaza yuritadi sobiq rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG