Isroil harbiylari chegarada falastinlikni otib o’ldirgan

  • Amerika Ovozi

Isroil harbiylari G’azo sektorida bir falastinlikni otib o’ldirgan. Sektorda hukmron Xamas va Isroil sakkiz kun ayovsiz olishib, chorshanba sulhga erishganidan beri birinchi talofat bu.


Bir necha falastinlik bugun Isroil chegarasiga yaqinlashgach, o’qqa tutilgan. Yaradorlar bor, deydi g’azolik shifokorlar.

Marhum Anvar Qdeyh chegarada Xamasning bayrog’ini o’rnatayotib o’ldirilgani aytiladi. Isroil ta’kidiga ko’ra, harbiylar avvaliga osmonga qarata o’q uzib, falastinliklarni ogohlantirgan. Xamas Isroilni sulh shartlarini buzganlikda ayblamoqda.

Avvalroq Xamas sektordagi ko’p sonli qurolli guruhlarni sulhga amal qilishga rozi bo’lgani uchun olqishlagan edi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu uning hukumati murosaga tayyor ekanini, biroq sulh buzilgan taqdirda chora ko’rishini aytmoqda. Ehtiyot shart Isroilning janubida maktablar yopiq.

O’tgan haftadagi olishuvda aynan shu hudud G’azodan eng ko’p nishonga olingan edi. Har ikki tomon otishmani to’xtatish haqidagi kelishuvga amal qilayaptimi-yo’qmi – buni Misr kuzatib turibdi.

Sakkiz kun davom etgan va oxirgi to’rt yilda eng qonlisi deya ta’riflangan mojaro Falastinda 160 odamning yostig’ini quritdi. Isroilda olti kishi qurbon bo’lgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG