Jon Kerri: Yaqin Sharqda tinchlik murakkab, ammo bo'ladigan ish

  • Amerika Ovozi

John Kerri, Mahmud Abbos Ramallohda. 3-dekabr, 2014-yil.

John Kerri, Mahmud Abbos Ramallohda. 3-dekabr, 2014-yil.

Qo'shma Shtatlar bosh diplomati Jon Kerri Yaqin Sharqqa borib, Isroil va Falastin rahbarlari bilan gaplashmoqda. Aprelgacha ikki tomon tinchlik bitimiga kelishib olishi kerak.

Kerri bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ko’rishib, keyin Ramallohda prezident Mahmud Abbos bilan muzokara o’tkazdi.

Kecha ham Netanyaxu bilan gaplashgan AQSh diplomati o’rtadagi ziddiyatlar hal qilinishiga umid bildirdi.

“Besh oydan beri muzokara qilamiz”, - deydi Jon Kerri. “Tinchlikka erishish murakkab, uzoq jarayon ekanini bilar edik, bilamiz. Mushkul, lekin bajarsa bo’ladigan ish bu”, - deydi diplomat.

Kerrining kelishi oldidan G'arbiy sohilda norozilik namoyishlari o'tgan.

Falastin va Isroil bir-birini tinchlik bitimiga halaqit berayotganlikda ayblab keladi. Netanyaxuning aytishicha, falastinliklar Isroilni tan olishdan bosh tortib, terrorchilarni qahramon deya olqishlab teskari siyosat yuritmoqda.

Joriy haftada Isroil qamog’idan qo’yib yuborilgan falastinlik mahbuslar G’arbiy sohilda tantana bilan kutib olingan edi.

Bu orada, Mahmud Abbos Isroilning G’arbiy sohilda olib borayotgan qurilish ishlaridan shikoyat qilayapti. Uning aytishicha, Isroil bo’lg’usi Falastin davlatiga qarashli yerlarni tortib olmoqda.

Isroil yaqinda hududda 1400 yangi imorat qurish rejasini e’lon qilishi kutilayapti. Yahudiy rasmiylari shu tariqa falastinlik mahbuslar ozod qilinishi ketidan Isroilda ko’tarilgan g’azab hissini bosti-bosti qilmoqchi, deydi tahlilchilar.

Falastin va Isroil uch yillik tanaffusdan keyin o’tgan yilning yozida muzokara stoliga qaytdi. Kompromissga erishish uchun ular aprelgacha muddat belgilab oldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG