Isroil, Falastinga to'qqiz oy muhlat

  • Amerika Ovozi

Amerika davlat kotibi Jon Kerri, Isroil adliya vaziri Tsipi Livni va Falastin bosh muzokarachisi Soyib Erekat.

Amerika davlat kotibi Jon Kerri, Isroil adliya vaziri Tsipi Livni va Falastin bosh muzokarachisi Soyib Erekat.

Uch yillik tanaffusdan keyin Isroil va Falastin muzokarachilari uchrashib, tinchlik haqida gaplashdi.

Uch yillik tanaffusdan keyin Isroil va Falastin muzokarachilari uchrashib, tinchlik haqida gaplashdi. Davlat departamentida ikki kunlik muloqotdan keyin taraflar kelasi ikki haftada yana ko'rishishga kelib oldi.

Kecha kechqurun departamentda iftor o’tib, Amerika davlat kotibi Jon Kerri Isroil adliya vaziri Tsipi Livni va Falastin bosh muzokarachisi Soyib Erekatni mehmon qilgan edi. Bugun prezident Obama ikki rasmiy bilan Oq uyda alohida gaplashib olgan.


Shu kuni Yaqin Sharq bo’yicha mas’ul elchi nomi ham e’lon qilindi. O’tmishda Isroilda elchilik qilgan Martin Indik endi AQShning Isroil-Falastin muzokaralari bo’yicha maxsus vakili.

“Bosh vazir Netanyaxu va prezident Abbos muloqotga qaytish uchun bor kuchini ishga soldi. Mintaqa uchun javobgarlikni menga ishonib topshirgan Jon Kerri va prezident Obamadan minnatdorman”, - deydi Martin Indik. “Isroil va Falastin o’rtasida to’laqonli tinchlik bitimi imzolanishi uchun astoydil mehnat qilaman”, - deydi u.

Davlat kotibi Jon Kerri oxirgi oylarda diplomatik safarlarga qatnab, Isroil va Falastin tomoni bilan qayta-qayta uchrashdi va pirovardida dialogga ko’ndirdi.

Murakkab bu masalada taraflar baribir murosaga borishi, og’ir mavzularni ko’tarishi kerak bo’ladi, deya eslatadi Kerri. Mustaqil Falastin davlati, chegaralar, xavfsizlik, Quddus maqomi, Isroil bosib olgan hududlarda qurilayotgan yahudiy mahallalari ana shulardan.

“Elchi Martin Indik realist. U Isroil-Falastin sulhiga osonlikcha erishib bo’lmasligini, bu bir kecha-kunduzda hal qilinadigan masala emasligini tushunadi. Ammo kelishib ishlash uchun zamin hozirlandi va tezkor harakat qilish kerak”, - dedi Amerika bosh diplomati.

Bevosita muzokaralar kamida to’qqiz oy davom etishi kutilmoqda. Davlat departamentidan so’zlovchi Jennifer Psaki.

“Mana shu vaqt ichida bitim ma’qullanishi uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Lekin nima bo’lishidan qat’i nazar muzokara davom etadi. Bu oxirgi muhlat emas”, - dedi Psaki.

Bu orada, Yevropa Ittifoqi Isroildan bosib olingan hududlarda ishlab chiqarilgan mahsulotga alohida tamg’a bosishni talab qilayapti. Hozir G’arbiy sohil va Sharqiy Quddusda yaratilgan mahsulot “Isroilda ishlangan” degan nom ostida sotiladi. Yevropa o’tgan yili Isroildan 16,7 milliard dollarlik tovar xarid qilgan.

Ittifoq bosimidan norozi Isroil esa Yevropaning G’arbiy sohilda minglab falastinliklar uchun atalgan insonparvarlik yordamini to’smoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG