G'arbiy Sohilda yangi bosh vazir, XAMAS norozi

  • Amerika Ovozi

Rami Hamdalla, Falastin muxtoriyatining yangi bosh vaziri

Rami Hamdalla, Falastin muxtoriyatining yangi bosh vaziri

Falastinda yangi bosh vazirning saylanishi prezident Mahmud Abbos tarafdorlari tomonidan iliq kutib olingan bo’lsa, G’azoni nazorat qilayotgan XAMAS partiyasi bu qarorni tanqid qilmoqda.

Falastin muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbos qaroriga ko’ra, G’arbiy Sohilda joylashgan Al-Najah universitetining rektori Rami Hamdalla bosh vazirlikka tayinlanib, unga yangi hukumat tuzish vazifasi topshirilgan.

Sobiq bosh vazir Salom Fayyod aprel oyida iste’foga chiqqan.

"Eski hukumat siyosatini davom ettiramiz, aksariyat vazirlar o’z o’rnida qoladi. Hukumat G’arbiy Sohilni boshqarayotgan FATX va G’azoni olti yildan beri nazorat qilayotgan XAMAS ni yarashtirishga harakat qiladi", - dedi Hamdalla.

Ikki raqib guruh ikki yil oldin Qohirada yarash bitimini imzolagan edi, ammo shu kungacha amalda bu ro’yobga chiqmadi. O’tgan oy FATX va XAMAS avgustgacha umumiy hukumat tuzib, unga saylov kunini belgilash vakolatini berishga kelishib olgan.

Yangi bosh vazir Rami Hamdalla Britaniyada tahsil olgan tilshunos professor bo’lib, FATX partiyasining a’zosi. U so’nggi 11 yil saylov komissiyasini boshqargan, ammo shu kungacha siyosiy lavozimda ishlamagan.

FATX so’zlovchisi Ahmad Assafning aytishicha, Hamdallaning bu lavozimga tayinlanishi falastinliklarga oliy maqsadga erishishda yordam beradi.

"Prezidentning qarorini olqishlaymiz. Umid qilamizki, bu Falastin xalqi taqdiri uchun ijobiy qadam bo’ladi", - dedi rasmiy.

Biroq XAMAS vakili Favzi Barhum bundan norozi ekanini bildirdi.

"Bu hukumatning oldingilaridan hech bir farqi yo’q va u Falastin xalqini birlashtira olmaydi. Prezidentning qarori noqonuniydir, chunki hujjat qonunchilik kengashi orqali o’tmagan va barcha guruhlar bilan maslahatlashilmagan", - deydi Barhum.

XAMAS 2007-yil saylovlarida g’alaba qozonganidan beri qonunchilik kengashi biror marta majlis qilmagan. Kengashga saylovlar to’rt yil avval o’tkazilishi kerak edi, biroq bir necha bor qoldirilgan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Hamdalla mo’tadil qarashlarga ega bo’lib, pragmatik arbobdir. U Abbosni qo’llab-quvvatlaydi va Salom Fayyod kabi prezidentga qarshi chiqmaydi, deydi tahlilchilar. Shunga qaramay, deydi ular, Hamdalla sobiq bosh vazir siyosatini davom ettiradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG