Falastin BMTga a’zolik talabidan kechmaydi

  • Amerika Ovozi

Falastin BMTga a’zolik talabidan kechmaydi

Falastin BMTga a’zolik talabidan kechmaydi

Falastin davlatchilikni qo’lga kiritish uchun BMTga murojaat qilayotgani AQSh bilan diplomatik to’qnashuvga yetaklashi aniq.

Xavfsizlik Kengashida veto kuchiga ega AQSh nazarida, bu maqsadga erishishning yagona yo’li - Isroil bilan muloqot.

AQSh va Isroil e’tiroziga qaramasdan, Falastin prezidenti Mahmud Abbos shu oy BMT majlisida masalani ovozga qo’ymoqchi.

“Tashkilotga a’zo bo’lish falastinliklarning uzviy huquqi, shuni talab qilib Nyu-Yorkka yo’l olamiz”, - dedi Abbos Ramallohda qilgan nutqida.

BMT Bosh Assambleyasi yig’ilishi 23-sentabr kuni boshlanadi. Mahmus Abbos so’zga chiqib, bo’lajak davlati uchun 1967-yilgi urushdan oldingi chegarani asos qilib olishni so’ramoqchi.

O’z davlatiga ega bo’lish – Falastinning azaliy orzusi. Urush va zo’ravonlik, namoyishlar va muzokaralardan charchagan bu xalq xalqaro hamjamiyatga yordam so’rab murojaat qilayapti.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy so’zlariga ko’ra, Amerika va boshqa vositachi davlatlar tinchlik yo’lida biror jiddiy taklif bilan chiqmas ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat qilishdan boshqa iloj yo’q.

Falastin ma’muriyatining eng yirik donori Qo’shma Shtatlarning ogohlantirishicha, bunday bir tomonlama harakatlar aks natija berishi, mintaqada zo’ravonlikni avj oldirishi tayin. Isroildan ham shunday sadolar kelmoqda.

“Yahudiy davlatini qonuniy asosdan ayirishga, uni yakkalashga urinmang. Falastin bu bilan maqsadiga erisha olmaydi”, - deydi prezident Barak Obama.

Falastinga doir rezolyutsiya Xavfsizlik Kengashiga taqdim etilsa, AQSh unga veto qo’yadi. Davlat kotibasi Xillari Klinton masalani Isroil bilan kengashib hal qilishga da’vat etmoqda.

“Uzoq muddatli tinchlik kaliti Nyu-Yorkda emas, Quddus va Ramallohda. Yuzma-yuz muzokarani davom ettiring”, - deydi Klinton.

Siyosatdonlar fikricha, Falastin tashabbusiga qarshilik g’alayonlarni boshdan kechirayotgan arab dunyosida AQShga nisbatan nafratni yanada kuchaytiradi.

“O’zini AQShga ittifoqchi deb bilgan yangi hukumatlar bundan buyon omma fikriga quloq tutadi desak xato bo’lmaydi. Ular Vashington bilan hamkorlik qilishi bag’oyat qiyinlashadi”, - deya mulohaza yuritadi G’ayt al-Umariy.

Obama ma’muriyati uchun hozir tashvishlar shundoq ham yetarli.

“Amerikada hozir hamma ichki siyosat, iqtisod, saylov kampaniyasi bilan band. Yaqin Sharq mojarosi eski masala”, - deya qo’shadi ekspert David Makovskiy.

BMT a’zolari orasida Falastinga xayrixoh mamlakatlar juda ko’p. Rezolyutsiya BMT assambleyasida ovozdan o’tishiga, ramziy g’alabaga ko’pchilik ishonadi. Ammo undan keyingi vaziyat xavotir uyg’otmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG