YUNESKO Falastinni safga qabul qildi, AQSh mablag'ni kesdi

  • Amerika Ovozi

Falastin YUNESKOga qabul qilindi, delegatlar yangi a'zoni olqishlamoqda, YUNESKO bosh anjumanining 36-sessiyasi, Parij, 31-oktabr, 2011-yil

Falastin YUNESKOga qabul qilindi, delegatlar yangi a'zoni olqishlamoqda, YUNESKO bosh anjumanining 36-sessiyasi, Parij, 31-oktabr, 2011-yil

UNESCO (YUNESKO), BMTning ilm-fan, ta'lim va madaniyat bo'yicha agentligi Falastinni to'laqonli a'zo sifatida qabul qildi.

Bugun tashkilotning Parijdagi qarorgohida a'zo davlatlar bunga ovoz bergan.

BMTda kuzatuvchilik maqomiga ega Falastin jahon tashkilotiga ham mustaqil davlat sifatida kirmoqchi.

AQSh va Isroil muxtoriyatni YUNESKOdagi rejasidan qaytarishga uringan. Ular nazarida avval Isroil bilan tinchlik muloqotiga erishish kerak edi.

AQSh qonuniga ko'ra, BMTga aloqador agentliklar Falastinni to'liq a'zo sifatida qabul qilsa, Vashington ularga moliyaviy yordamni to'xtatadi. YUNESKO byudjetining 22 foizi Qo'shma Shtatlar hisobiga qoplanadi.

Davlat departamenti so'zlovchisi Viktoriya Nurland YUNESKO qaroridan afsus bildirib, shu yil oxirida tashkilotga ajratilishi rejalangan 60 million dollar endi berilmasligini aytgan.

YUNESKOga a'zo 107 davlat Falastinni qo'llab-quvvatlagan, jumladan Fransiya, Xitoy va Hindiston hamda deyarli barcha arab davlati, shunindek Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlari.

14 davlat qarshi ovoz bergan. Qo'shma Shtatlar qatorida Germaniya, Kanada va Isroil. Yaponiya va Britaniya va yana boshqa 50 davlat betaraf.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG