Breaking News

Falastinda qo’shma hukumat bo’ladi


Falastin ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos, Qatar amiri Shayx Hamad bin Xalifa al-Tani, Xamas boshlig'i Xolid Mashal
Falastin ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos, Qatar amiri Shayx Hamad bin Xalifa al-Tani, Xamas boshlig'i Xolid Mashal

Falastinda raqib Fath va Xamas guruhlari qo’shma muvaqqat hukumat tuzishga kelishdi. Unga Iordan daryosining g’arbiy sohilida hukmron Fath yetakchisi Mahmud Abbos prezident etib tanlagan.

Bu reja ma'muriyatda yil oxirida prezident va parlament saylovlariga yo’l ochishi kutilmoqda. Lekin saylov qachon o’tishi hali aniq emas.

Qattiq, radikal siyosat tarafdori, Xolid Mashal rahbar Xamas G’azo sektorini boshqaradi. Guruhni AQSh, Yevropa hamda Isroil terrorist tashkilot deb biladi.

Qatar amiri Shayx Hamad bin Xalifa Al-Tani orada vositachi bo’lib, tomonlarni Do’hada yig’gan edi. Uchrashuv yakunida Mahmud Abbos va Xolid Mashal qo’shma bayonot bergan.

Fath va Xamas o’tgan yili ham o’xshash tashabbus bilan chiqqan, lekin bosh vazir maqomi uchun mushtarak nomzod tanlashda kelisha olmagan edi.

Falastin mamuriyatining hozirgi bosh vaziri Salom Fayyod hamda Xamas bosh vaziri Ismoil Xaniya bitimni olqishlamoqda. Vaqtincha hukumat tuzilgan taqdirda lavozimdan ketishi kerak bo’ladi ular.

Tomonlar “Do’ha bitimi”ga amal qilishini ta’kidlamoqda. “G’anim oldida birlashamiz”, - dedi Mashal Isroilga sha’ma qilar ekan.

Falastinda qo’shma hukumat bo’ladi
Falastinda qo’shma hukumat bo’ladi

Radikal Xamas 2006-yilgi saylovda g’alaba qozonib, murosaga moyil Fath bilan kelisholmay qolgan, Falastin ma’muriyati shu tariqa ikkiga bo’lingan edi. Xamas boshliq G’azo blokada sharoitida yashar ekan, “Do’ha bitimi” sektorni qayta qurishni nazarda tutadi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bunday ittifoq tuzilgan taqdirda tinchlik muzokaralari davom etishi mumkin emas deb hisoblaydi.

U Mahmud Abbosni tinchlik yo’lidan qaytib, Xamas singari terrorchi tashkilot bilan hamkorlikni tanladi, deya tanqid qilmoqda.

“Yo bizni, yo Xamasni tanlashingiz kerak bo’ladi”, - deydi Netanyaxu.

Isroilning bildirishicha, Falastin bilan muzokara olib borish uchun Xamas guruhi avvalo Isroilni rasman tan olishi, zo’ravonlikni bas qilib, tinchli kelishuvini qo’llab-quvvatlashi shart.

Bu muzokaradan maqsad, jumladan, Isroil bosib olgan G’arbiy sohil va G’azoda mustaqil Falastin davlati yaratishdir.

Xamas otishmani toabad to’xtatish haqida gaplashishga rozimiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG