AQSh: Falastin davlatga aylanishi uchun Isroil bilan kelishib olishi kerak

  • Amerika Ovozi

Amerika pozitsiyasi shuki, Isroil va Falastin avvalo hududiy kelishmovchiliklarni hal etishi lozim.

Amerika pozitsiyasi shuki, Isroil va Falastin avvalo hududiy kelishmovchiliklarni hal etishi lozim.

Amerika rahbari Barak Obama fikricha, BMT Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olsa, Isroil bilan tinchlikka erishish yanada qiyinlashadi.

Agar masala BMT Xavfsizlik Kengashida ko’tarilsa, AQSh veto qo’yishga tayyor.

Isroil-Falastin mojarosi ortida o’ta murakkab masalalar turibdi, ularni yechmay turib, shoshma-shosharlik bilan davlatchilikka erishamiz deb o’ylashsa xato qilishadi, deydi Obama. Hozirgacha Falastin BMTda kuzatuvchi maqomiga ega.

Misr poytaxti Qohirada majlis o’tkazayotgan Arab Ligasi nazarida Falastinni davlat sifatida tan olishga fursat yetgan.

Tashkilot raisi Nabil al-Arabiy va Qatar Bosh vaziri Shayx Hamad bin Jassim al-Taniy deydiki, dunyo ahli Falastin mustaqil xalq va mamlakat ekanini qabul qilishi kerak.

BMT Xavfsizlik Kengashida har bir qaror besh doimiy a’zo tomonidan birdek ma’qullanishi lozim.

Mahmud Abbos, Falastin rahbari, fikricha uning davlatini tan olishga vaqt yetgan

Mahmud Abbos, Falastin rahbari, fikricha uning davlatini tan olishga vaqt yetgan

Arab rahbarlar bilan uchrashgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton deydiki, blok hali bu masalada biror qarorga kelmagan.

"Falastin rahbarlari yuzma-yuz o’tirib, oradagi muammolarni hal etmasa, ikki davlat yonma-yon tinchlikda yashay olmaydi", - deydi Eshton.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroil va Falastinni tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga undamoqda. Lekin Falastin mustaqil davlatga aylanishi kerak deb ham eslatmoqda.

Amerika ham shu pozitsiyada, lekin masala hozircha BMTga oshirilmasligi kerak deb hisoblaydi.

Barak Obamaga Falastinga "shoshmang" demoqda

Barak Obamaga Falastinga "shoshmang" demoqda

Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland izohicha, Isroil va Falastin o’tgan yili to’xtab qolgan muzokarani yangilab, hududiy kelishmovchiliklarni hal etishi lozim.

Obama ma’muriyati vositachilik qilgan bu uchrashuvlar boshi berk ko’chaga kirib qolishining asosiy sababi shuki, Isroil Falastin xalqi o’z yeri deb biladigan hududlarda yahudiy aholi uchun uy-joy qurishda davom etmoqda.

Amerika diplomatlari tomonlarni bir-biri bilan gaplashishga, o’jarlikni bas qilib, xavfsizlik va barqarorlikni ko’zlovchi uzoq muddatli rejalar tuzishga, xalq manfaatini o’ylashga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG