Isroil fuqaroligini olish istagidagi falastinliklar soni ortmoqda

  • Amerika Ovozi

Sharqiy Quddusda yashovchi ko’plab falastinliklar shu paytgacha Isroil fuqaroligini olishni siyosiy maslaklariga qarshi xiyonat deb hisoblashgan. Ular poytaxti Sharqiy Quddus bo’lgan mustaqil Falastin davlati tuzilishini orzu qilishadi. Ammo bu orzuning ro’yobi tobora mavhumlashib borar ekan, ko’plab falastinliklar Isroil fuqaroligini olishga ahd qilmoqda. Ular uchun bu oddiy qaror emas.

Isroil fuqaroligini olayotgan falastinliklar boshqa choralari qolmaganini aytadi.

“O’zimni yomon his qilyapman, chunki falastinlik degan pasportim bo’lishini xohlayman. Afsuski, buning iloji yo’q. Uning o’rniga meni Quddusga ko’proq bog’lab turadigan narsani oldim”, - deydi falastinliklardan biri.

Ayrimlar to’liq fuqarolik ish topish va imtiyozlar olish imkoniyati ekanini aytsa, boshqalar bunga qarshi.

“Bola-chaqasi, uyi, do’koni va boshqa narsalari bor odam uchun fuqarolikdan foyda yo’q. Pasport berib, guvohnomamizni olib qo’yadigan bo’lsa, yana eski holat bo’ladi”, - deydi Nofal ismli falastinlik.

Gap faqat imtiyozlarda emas. Quddus tevaragida ayrim falastinliklarning uylari beton devorlar bilan shahardan ajratib qo’yilgan. Ular Quddus rezidentligini boy berishdan cho’chiydi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, 2012-2013-yillarda 1434 falastinlik passport uchun ariza topshirgan va ularning 189 nafariga fuqarolik berilgan. Qolganlarining aksariyati hanuz ko’rib chiqilayotgani aytiladi.

“Isroilda doimiy yashovchi va Isroil fuqaroligini olishni istovchi sharqiy quddusliklar soni ortayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Raqamlarning qanchalik katta ekani esa bahsli”, - deydi tahlilchi Amnon Ramon.

Sharqiy Quddusni o’z ichiga olgan davlat qurishni istayotgan Falastin rasmiylari xavotirda.

“Agar vaziyat shunday davom etsa, falastinliklarning muzokara qilish imkoniyati cheklanadi. Yerni talab qilishlari mumkin edi, lekin uni allaqachon yo’qotishdi. Endi aholi bilan muzokara qilishmoqchi, lekin odamlarni ham boy berishyapti”, - deydi sobiq rasmiy Xalil Tafakji.

Isroil fuqaroligini olgan shaxslarning farzandlari ham isroillik bo’ladi. Lekin yahudiy rasmiylari bu demografik o’zgarishlarning Falastin bilan muzokaralarga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG