G’azoda Isroil hujumlari 100 dan ortiq kishini o'ldirgan

  • Amerika Ovozi

G'azo sektori, 11-iyul, 2014

G'azo sektori, 11-iyul, 2014

G’azoda shifokorlarning aytishicha, Falastinda Isroil havo hujumlaridan halok bo'lganlar soni oshib bormoqda.

Isroil mana to’rt kundirki G’azo sektoriga o’q yog’dirayapti. Falastin tomoni ham yahudiy yeriga raketalar otishda davom etmoqda. Falastinda o’lganlar 100 dan oshgan, Isroilda talofatlar yo’q ekani aytiladi.

G’azodagi shifokorlarning aytishicha, bugun ertalab Isroil hamlasida kamida uch odam halok bo’lgan. Bu orada, Livandan turib Isroilga raketa otilgan, talofatlar yo’q, deydi Isroil rasmiylari. Bu hujumni kim amalga oshirgani noaniq.

G’azodan uyushtirilgan yana bir havo hujumi oqibatida Isroilning Ashdod shahrida yoqilg’i quyish shohobchasi alanga olgan. Bir necha kishi jarohat olgani ma’lum.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun G’azoda hukmron HAMAS harakatini va Isroil hukumatini otishmani darhol to’xtatishga chaqirgan. Lekin biror taraf chekinayotgani yo’q.

“Barcha guruhlar, jumladan, Falastin tomoni xalqaro gumanitar qonunlarni hurmat qilishi kerak. Isroil o’z xavfsizligi haqida xavotir olayotganini tushunsa bo’ladi. Biroq Isroilning hujumlari natijasida Falastin ahliga yetkazilayotgan jabrni asoslash mumkin emas”, - deydi Pan Gi Mun.

BMT Bosh kotibi Xavfsizlik Kengashidagi favqulodda majlisda so’zlab, HAMAS va Isroil o’zaro adovatni jilovlashi va urushni bas qilishi kerak, dedi.

Isroil samolyotlari kecha G’azo sektorida HAMASning yuzlab obyektlarini havodan urgan. Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning aytishicha, otishmani to’xtatish haqida gap bo’lishi mumkin emas.

“HAMAS xavfidan o’z fuqarolarimizni himoya qilishda davom etamiz. HAMAS bugun Falastin ahlini ham bila turib qon kechishga majbur qilmoqda”, - deydi Netanyaxu.

HAMAS Isroilning Tel-Aviv va Quddus shaharlariga raketalar uloqtirar ekan, Isroil rasmiylarining aytishicha, mudofaa tizimi hujumlarni to’sib qolayapti.

Falastin bolalari

Falastin bolalari

Isroil rahbari Benyamin Netanyaxu G'azo sektoriga piyoda kuchlar kiritmoqchi

Isroil rahbari Benyamin Netanyaxu G'azo sektoriga piyoda kuchlar kiritmoqchi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG