Breaking News

Panama kanali kengayib, yirik kemalarga oson bo'ladi


Panama kanalida qurilish ishlari
Panama kanalida qurilish ishlari

Salkam bir asr oldin qurilgan Panama kanali Atlantika va Tinch okeanlarini ulovchi darvoza rolini bajaradi. O'shandan beri bir millionga yaqin kema kanal orqali o'tgan. Uning qurilishi 1882-yilda boshlangani bilan yuqumli kasalliklar va siyosiy munozaralar sabab 1914-yilda yakunlangan, xolos. Uni bunyod etish jarayonida 27 mingdan ziyod odam jon bergan.

Tarixdagi eng yirik qurilish loyihasi deb atalgan kanal hozirda kengaytirilib, kattaroq kemalarning o'tishiga sharoit yaratilmoqda.

Panama kanalini kengaytirish ishlari uning qurilishi kabi azimdir. Loyiha qiymati 5,5 milliard dollar bo'lib, yaqinda uchinchi kanali ishga tushib, undan kattaroq kemalar o'tishi mumkin bo'ladi. Qurilish vitse-prezidenti Xorxe Luis Kixanoning aytishicha, kanal to'xtamay ishlamoqda, shu sabab uni yanada kengaytirishga ehtiyoj bor.

"Qurilish yakunlangach, kengroq, uzunroq va balandroq kemalar o'ta oladi", - deydi u.

Kanalning Atlantika okeani tomonidan o'tayotgan kemalar uning beton devorlariga tegay-tegay deydi. Kemalarning eni 32 metrdan oshmasligi kerak va 12 metrgacha chuqurlikda suzishi mumkin, xolos.

Eskilariga parallel ravishda qurilayotgan shlyuz kameralari ishga tushsa, ular orqali eni 49 metrgacha bo'lgan kemalar 15 metrdan ziyod chuqurlikda suzishi mumkin bo'ladi. Gatun shlyuzidan o'tayotgan kemalar janub tomon yurib, Gatun ko'li orqali Tinch okeaniga chiqadi. Yangi va kattaroq shlyuz qurilishi qarama-qarshi tomonda ketmoqda.

Loyihaning Atlantika qismiga bosh muhandislik qilayotgan Oskar Sotoning aytishicha, kanalning hozirgi ko'rinishi ikki shlyuz kameralaridan iborat.

"Biz uchinchisini quryapmiz".

Gatun ko'li 100 yil oldin qurilgan bo'lib, kanalni suv bilan ta'minlab turadi. Kapitan Ubaldo Pimentel ko'p yillardan beri kemada odam tashiydi. Uning aytishicha, muhandislar shlyuzni suv havzalarini chuqurlashtiruvchi moslama va dinamit yordamida kengaytirmoqda.

"Qurilishga g'ov bo'lgan tog' surilib, ko'l kengaytirildi", - deydi kapitan.

Kanal 1914-yilda ishga tushganidan beri shlyuzga sig'adigan yuk kemalari u orqali o'tgan, xolos. Kattaroq kemalar esa Janubiy Amerikani aylanib borishga majbur. Yangi shlyuz 2014-yilda ishga tushsa, ular 80 kilometrlik kanaldan suzib, masofani ancha qisqartirishga muvaffaq bo'ladi. Biroq, deydi loyiha vitse-prezidenti Xorxe Luis Kixano, hammasi ham emas.

"Kemaning hajmiga, kanaldan o'tish tovonini to'lay oladimi, yo'qmi, shunga qaraymiz. Axir loyihaga sarflangan sarmoyani qaytarish kerak-ku", - deydi Kixano.

Har holda, deydi proyekt mualliflari, bu yerdan tashilayotgan yuk hajmi ikki baravarga oshishi kutilmoqda.

"Hozirgi turishida kanal orqali yiliga 340 million tonnagacha yuk tashish mumkin. Qo'shimcha shlyuz ochilishi bilan bu raqam 600 million tonnagacha ko'tariladi", - deydi loyiha rahbari.

Buning ahamiyatli tomoni shundaki, tovon kemadagi yukning og'irligiga qarab belgilanadi. Kanal rahbariyatiga ko'ra, loyiha xarajatlarining yarmidan ko'pi hozir olinayotgan daromad hisobiga, qolgani esa yangi shlyuzdan o'tgan kemalardan tushgan pul hisobiga qoplanadi.

Qurilish ishlarida bir necha xalqaro kompaniya ishtirok etyapti. Ishchi kuchining 90 foizini panamaliklar tashkil etadi. Ular surunkasiga, tinmay mehnat qilib, inshootni vaqtida, Panama kanali qurilganining 100 yilligiga moslab topshirmoqchi. Tantanalar loyiha kabi dabdabali bo'lishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG