"Panama hujjatlari" moliyaviy shaffoflikka yo'l ocha oladimi?

  • Amerika Ovozi

Panamada joylashgan advokatlik idorasidan o’g’irlangan 11,5 million hujjat bir guruh jurnalistlar qo’liga tushib qoldi. “Panama hujjatlari”ga ko’ra, ayrim nomdor shaxslar o’z yurtida soliq to’lamaslik uchun pullarini ofshordagi hisob raqamlariga o’tkazgan, ayrimlari pulga aloqadorligini yashirishga harakat qilgan. Ba’zilar nazarida bu qonunga xilof ish emas, ammo boshqalar gap moliyaviy nazorat, shaffoflikning yo’qligida, deydi.

Yangi izlanish natijalariga ko’ra, soliqdan himoya qiluvchi xufyona hisob raqamlari orqali dunyo bo’ylab 1,1 trillion dollar o’tgan. Qashshoqlikka yuz tutayotgan mamlakatlarda soliqdan tushayotgan daromadning bir qismi hamda xalqaro moliyaviy yordam odatda ijtimoiy muhofaza, iqtisodiy taraqqiyotga sarflanadi.

Biroq, deydi pulning noqonuniy oqimlarini o’rganuvchi guruh rahbari Tom Kardamone, mablag’ning chetga chiqarilishidan asosan rivojlanayotgan mamlakatlar zarar ko’radi.

Wikipedia sahifasiga ko’ra, 82 mamlakatda ofshor zona bor, bu hududlarda xorijiy kompaniyalarga soliq imtiyozlari beriladi. Nafaqat kompaniyalarga, balki shaxslarga ham. Shveysariya, Panama, Karib dengizi mamlakatlari shular jumlasidan. Istasangiz, ismingizni oshkor qilishmaydi. Muhimi, bu qonuniy.

“Kompaniyaning asl egasi kimligini yoki hisob raqamining kimga tegishli ekanini yashirishdan boshlanadi barcha muammolar”, - deydi Kardamone.

Ofshordagi hisob raqamlarida narkotik moddalar savdogarlari yoki terrorchilar ham pul saqlashlari mumkin. Jurnalistlar tomonidan fosh etilgan bir kompaniya xufyona ishlarni olib borish uchun ochilgan ekan. Muxbir Uill Fitzgibbonning aytishicha, bu kompaniya Suriya harbiy-havo kuchlarini bochkali bombalarda ishlatiladigan neft bilan ta’minlangani aniqlandi.

“Bunday kompaniyani ofshorda ro’yxatga olishga ruxsat berishgani juda ham achinarli hol”, - deydi jurnalist.

AQShning Nevada va Delaver shtatlarida ko’plab ana shunday anonim kompaniyalar bor.

“Har yili Amerikada bir million yoki undan ortiq maxfiy kompaniyalar ochiladi. Bu nafaqat rivojlanayotgan, balki AQShga ham xos muammodir”, - deydi “Global moliya obro’” shirkati rahbari Tom Kardamone.

Unga ko’ra, ofshor kompaniyani ochish uchun internet aloqa, kam miqdorda pul va biznes yuritish haqida boshlang’ich ma’lumot kerak, xolos. Kardamonening umid qilishicha, “Panama hujjatlari” ishi ketidan maxfiy hisob raqamlarini oshkor etishga bosim kuchayadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG